ANTIKLINAL

ANTIKLINAL (anti … va klino — og’diraman) — qavariq tomoni yuqoriga qaragan burmalangan tog’jinsi qatlami. Antiklinalning qavariq yeri Antiklinal markazi, yon tomonlari qanotlari deb ataladi. Markazida qadimgi jinslar, qanotlarida esa yoshroq jinslar bo’ladi. Antiklinal burmalar yon qanotlarining va undagi o’q tekisligining yotishiga qarab, to’g’ri, qiyshiq, og’ma, yotiq Antiklinal burmalarga bo’linadi. Burma o’q chizig’i yoyga o’xshab qayrilgan bo’lsa braxiantiklinal deyiladi. Antiklinallar katta yoki kichik bo’lishi mumkin. Katta Antiklinal burmalar bir qancha kichik Antiklinal va sinklinallardan iborat bo’ladi. O’zbekistondagi hamma tog’lar (shimoliy Nurota, Turkiston, Zarafshon, Chatqol tizmalari) Antiklinal burmalarga kiradi. Metall rudalarining ko’p qismi, neft va gaz konlari ana shu Antiklinal tizmalarda bo’ladi.