ANTIOKSIDLOVCHILAR
ANTIOKSIDLOVCHILAR, antioksidantlar, oksidlanish ingibitorlari — moddalarning molekulyar kislorod bilan oksidlanishiga yo’l qo’ymaydigan yoki oksidlanishini sekinlashtiradigan moddalar. Antioksidlovchilarga ko’p atomli fenollar, aromatik aminlar, dialkilsulfidlar, dialkil fosfat va diarilditiofosfatlar (rux tuzi), dialkilditiokarbamatlar (kadmiy, rux tuzlari) va boshqalar kiradi. Organik birikmalarning oksidlanish jarayoni zanjir reaktsiya tarzida boradi; oksidlanishning birinchi bosqichi erkin holatdagi faol peroksid radikal (RO2), alkoksil (RO) va alkil (R) radikallar ishtirokida bo’ladi. Antioksidlovchilar shu radikallar bilan reaktsiyaga kirishib, oksidlanishning to’xtashi yoki sekinlashishiga — zanjir reaktsiyaning uzilishiga sabab bo’ladi. Samarali Antioksidlovchilar moddalarga juda oz miqdorda (0,01 — 0,001%) qo’shilganda ham ularning oksidlanish tezligini keskin kamaytiradi va ma’lum vaqtgacha (to’xtash davri, induktsiya) ularda oksidlanish mahsulotlari hosil bo’lmaydi. Antioksidlovchilarning ta’sirchanligi ularni reaktsiyaga kiritish paytiga bog’liq. Ular moddalarga oksidlanish jarayoni boshlanmasdan avval qo’shilsa, juda yaxshi natija beradi. Transformator, turbina va motor moylariga Antioksidlovchilar qo’shilganda, ularning ishlash muddati 2 — 4 marta uzayadi. Antioksidlovchilar kauchuk va oziq-ovqat sanoatida ham ishlatiladi.