Urbanizatsiya
Urbanizatsiya (Fransuzcha urbanisation, inglizcha urbanization, lotincha Urbanus — shaharga mansub, urbs — shahar) — jamiyat hayotida shaharlar rolining ortib borishi; ishlab chiqaruvchi kuchlarning joylashuvi, aholining ijtimoiy, demografik tarkibi, turmush tarzi va madaniyatidagi o’zgarishlar bilan bog’liq. Urbanizatsiya — tarixiy rivojlanish asosida shakllangan jamiyat bosqichlari va hududiy mehnat taqsimoti natijasida sodir bo’lgan ko’p qirrali geografik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik jarayondir. Urbanizatsiyaning torroq doiradagi demografik-statistik tushunchasi dunyoda, alohida hududlarda, mamlakatlarda shaharlarning (ayniqsa, katta shaharlarning) va shahar aholisi salmog’ining ko’payib borishini anglatadi. Dastlabki shaharlar miloddan avvalgi 3-1- ming yilliklarda Misrda, Mesopotamiya, Suriya, Hindiston, kichik Osiyo, Xitoy, Hindixitoy, shuningdek, Yevropa va Afrikaning O’rta dengiz sohillarida vujudga kelgan. Yunonrim dunyosida esa Rim va Karfagen shaharlarining mavqei yuqori bo’lgan. O’rta asrlar va Uyg’onish davrida kapitalistik ishlab chiqarish unsurlari shakllana boshladi. Bu jarayon shaharlarda aholi sonining o’sib borishiga, kontsentrasiyalashuviga olib keldi. Iqtisodiy rivojlangan davlatlarda yirik shaharlar paydo bo’la boshladi. Urbanizatsiya jarayonining rivojlanishi shaharlarning o’sishi va shahar aholisining shakllanishi, shahar aholisining tabiiy o’sishi, shahar atrofi hududlarining ma’muriy jihatdan shaharga qo’shilib borishi, qishloq aholi manzilgohlarining shahar maqomini olishi bilan bog’liqdir. Shaharlarning o’sishida shahar atrofi zonalarida shahar turmush tarzining shakllanib borishi, ya’ni Urbanizatsiya jarayonining kuchayishi ham ahamiyatlidir. Katta shahar atrofida kichik shaharlar paydo bo’lib, katta shaharlarga qo’shilib boradi va shaharlar aglomerasiyassh hosil bo’ladi. Rivojlangan mamlakatlarda aglomeratsiya jarayoni avj olgan, alohida aglomeratsiyalarning qo’shilib ketishi natijasida megapolislar vujudga kelmoqda. Urbanizatsiyaning asosiy ko’rsatkichi shaharliklar sonining o’sishi va jami aholi tarkibida shahar aholisi salmog’ining ortib borishidir. 20-asrning oxiri va 21-asr boshlarida dunyoda shahar turmush tarzining qishloq joylariga tarqalishi, ya’in Urbanizatsiya jarayoni kuzatilmoqda. Bu esa shahar aholisi salmog’ining ortib borishiga olib kelmoqda. 1950 yil dunyo aholisining 28,9% shaharlarda yashagan. 1960 yil bu ko’rsatkich 33,9% ni, 1970 yil 37,4%, 1980 yil 41,1%, 1990 yil 45,8% va 2000 yil 51,2% ni tashkil etdi. Shahar aholisining salmog’i rivojlangan mamlakatlarda ancha yuqori (2000 yilda AQSh, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Shvetsiyada 75% va Germaniyada 94%, Rossiyada 73% bo’lgan). Osiyo va Afrikadagi rivojlanayotgan mamlakatlarda Urbanizatsiya jarayoni dunyoning o’rtacha ko’rsatkichidan ancha past. 2000 yilda shahar aholisining salmog’i Afg’oniston va Efiopiyada 11 — 14% ni, Misr va Turkiyada 45% ni tashkil etdi. Urbanizatsiyaning hozirgi bosqichida katta shaharlarda aholi kontsentrasiyalashuvining o’sishi kuzatilmoqda. Bu jarayonda millioner (1 million va undan ortiq aholi yashaydigan) shaharlar alohida o’rin egallaydi. 1900 yilda dunyo bo’yicha millioner shaharlar soni o’nta bo’lgan bo’lsa, 21-asrga kelib bu ko’rsatkich 200 dan oshdi. Dunyoda aholisi 10 milliondan ortiq yirik shaharlar [Mexiko (25 million), Tokio (20 million), Seul (13 million), Pekin (11 million), Parij, Qohira, Buenos-Ayres va London (10 million)] mavjud. O’zbekistonda Urbanizatsiya jarayoni o’z tarixiy rivojlanish bosqichlariga ega. Uning rivojlanishi o’lkaning ijtimoiy- iqtisodiy rivojlanishi va demografik xususiyatlari bilan bog’liq. O’zbekistonda eng qadimgi shaharlar bilan birga 20-asrning 2-yarmida vujudga kelgan shaharlar ham mavjud. 1913-80 yillarda O’zbekiston shaharlari soni va shahar aholisi salmog’i o’sdi. O’zbekistonda 120 ta shahar bo’lib, ularda 8249,3 ming kishi yashaydi (2003). Ularning 38 tasida aholi soni 20 minggacha bo’lgan kichikroq shaharlar, 65 tasi 20 mingdan 100 minggacha bo’lgan o’rta shaharlar, 16 tasi aholisi 100 mingdan 500 minggacha bo’lgan yirik shaharlar va Toshkent millioner shahardir. 19-asrning oxiridan boshlab O’zbekistonda Urbanizatsiya jarayoni rivojlanib kelmoqda. O’zbekistonda keyingi yillarda Urbanizatsiya ko’lamiga, asosan, shahar aholisining tabiiy o’sish jarayoni kamayib borishi ta’sir etmoqda. 1991 yil O’zbekistonda har 1000 aholiga nisbatan tabiiy o’sish 19,9 kishini tashkil etgan bo’lsa, 2002 yilda bu ko’rsatkich 10,8 kishini tashkil etdi.