Xalqaro kredit

Xalqaro kredit — davlatlar, banklar, firmalar, bir mamlakatdagi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan boshqa mamlakatlar hukumatlari, banklari, firmalariga beriladigan kreditlar; pul va moddiy vositalarning xalqaro iqtisodiy munosabatlardagi harakati. Xalqaro kredit jahon xo’jaligining paydo bo’lishi va rivojlanishi bilan bog’liq. Xalqaro kreditning mohiyati, shakli va vazifalari ijtimoiy-iqtisodiy sharoitga qarab o’zgarib turadi. Muddatiga ko’ra qisqa (1 yilgacha), o’rta (1 yildan 5-7 yilgacha), uzoq (5-7 yildan ko’p) muddatli bo’ladi. Firma kreditlari asosan qisqa va o’rta muddatlarda tovar shaklida taqdim etiladi. Bank kreditlari tijorat yoki eksportimport banklari tomonidan yirik loyihalarni moliyalashtirishda qo’llaniladi. 20-asrning 50-yillaridan boshlab davlatlararo kreditlar keng tus oldi. Xalqaro valyuta fondi, Xalqaro tiklanish va tarakqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo rivojlanish banki va boshqa banklar faoliyatida a’zo mamlakatlarga kreditlar ajratish muhim o’rinda turadi. 20-asr oxirlaridan Xalqaro kreditning lizing, faktoring va qoplanma bitishuvlar bo’yicha kreditlar turlari keng tarqaldi.