Umurtqalilar, boshskeletlilar

Umurtqalilar, boshskeletlilar (Vertebrata yoki Craniata) — xordalilar tipiga mansub hayvonlar kenja tipi. Turlari soni umurtqasizlarga nisbatan kam; shunga qaramay ular hozirgi zamon biosferasida muhim o’rin tutadi. Umurtqalilar yuksak tuzilgan; o’zgaruvchan yashash xususiyatiga ega. Ular okean suvining turli qatlamlarida, baland tog’larda, cho’llarda va boshqa joylarda yashaydi. Barcha Umurtqalilar evolyutsiyasida ular tuzilishining bitta umumiy reja asosida rivojlanishi kuzatiladi. Bunday rivojlanish morfologik, biokimyoviy va fiziologik xususiyatlari, hatti-harakatlari hamda psixik faoliyati jihatidan takomillashgan formalar vujudga kelishiga olib kelgan. Umurtqalilarning qadimgi ajdodlari (bosh skeletsizlar, pardalilar) dengizda yashagan. Umurtqalilar dastlab chuchuk suvda paydo bo’lib, evolyutsiyaning dastlabki bosqichini o’tgan. Ular evolyutsiyasi davomida birlamchi o’q skelet — xorda o’rniga dastlab tog’ayli, keyinroq suyakli umurtqa pog’onasi paydo bo’lgan. Natijada suv oqimiga qarshi harakatlana oladigan kuchli muskulatura uchun pishiq va elastik tayanch skelet vujudga kelgan. Umurtqalilarning suvdan quruqlikda yashashga o’tishi bilan ular organizmida muhim o’zgarishlar yuz bergan. Harakat organlarining faol ishlashi uchun ovqat hazm qilish, nafas olish, qon aylanish, ayirish, sezgi organlari va Markaziy nerv sistemasi yaxshi rivojlangan. Ovqat hazm qilish sistemasi (og’iz bo’shlig’i, qizilo’ngach, oshqozon, ichaklar)ning turli qismlaridan fermentlar ajralib, ovqatni uzluksiz parchalash imkoniyati tug’ilgan; jigar organizmda muhim kimyoviy “laboratoriya” vazifasini bajargan. Umurtqalilar yuragi bo’lmacha va qorinchadan iborat. Qon aylanish sistemasi yopiq. Jabra yoki o’pka orqali nafas oladi. Qadimgi Umurtqalilarning chuchuk suvda yashashga o’tishi bilan suv-tuz almashinuvi birlamchi buyrak — mezonefros o’rniga amiotalarda ikkilamchi buyrak — metanefros paydo bo’lgan. Metabolizmning gormonal boshqarilishi murakkablashgan. Umurtqalilarning nerv sistemasi va sezgi organlari ishi rivojlangan. Ba’zilarida elektr va magnit sezuvchi organlar ham bor. Umurtqalilar, odatda, ayrim jinsli, biroq germafroditizm ham uchrab turadi. Tuban Umurtqalilar tuxum qo’yib, ko’pchiligi tirik bola tug’ib ko’payadi. Yuksak Umurtqalilar nasliga g’amxo’rlik qiladi. Eng qadimgi Umurtqalilar qoldiqlari ordovik davri chuchuk suv xavzalari yotqiziqlaridan topilgan. Sudralib yuruvchilar mezozoyda juda keng tarqalgan. Ulardan sut emizuvchilar va qushlar paydo bo’lgan. Hozir Umurtqalilarning 40-45 ming turi mavjud bo’lib, 7 sinf (to’garak og’izlilar, tog’ayli baliqlar, suyakli baliqlar, suvda va quruqlikda yashovchilar, sudralib yuruvchilar, qushlar va sut emizuvchilar)ga bo’linadi. Umurtqalilar odam hayotida juda katta ahamiyatga ega. Bir qancha Umurtqalilar yuqumli kasalliklar (ulat, tulyaremiya, quturish, entsefalit va boshqalar) qo’zg’atuvchilarini tashuvchi hisoblanadi.