Litva (Lietuva), Litva Respublikasi

Litva (Lietuva), Litva Respublikasi (Lietuvos Respublika) — Sharqiy Yevropada, Boltiq dengizi bo’yida joylashgan davlat. Maydoni 65,2 ming km2. Aholisi 3610 ming kishi (2001). Poytaxti — Vilnyus shahri. Ma’muriy jihatdan 44 tuman (rajonas)ga bo’linadi. Davlat tuzumi. Litva — mustaqil demokratik respublika. Amaldagi Konstitusiyasi 1992 yilda qabul qilingan (1996 yilda o’zgartishlar kiritilgan). Davlat boshlig’i — prezident (2003 yildan rolandas Paskas). U umumiy teng va to’g’ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo’li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Qonun chiqaruvchi oliy organi — Seym (bir palatali parlament). Ijroiya hokimiyatni hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Litva hududi Sharqiy Yevropa tekisligida, Boltiq dengizining Janubiy-Sharqiy sohillarida, Nyamunas (Neman) daryosining o’rta va quyi oqimi havzalarida joylashgan. Yer yuzasi pasttekislik va qirlardan iborat. Markazida O’rta Litva pasttekisligi joylashgan. Sharqi va Janubda Boltiq qator tepalari bo’lib, Litva hududida 3 qirga bo’linadi: Aukshtayts, Dzuk va Suduv. Dengiz sohilida qum tepa va plyajlar ko’p. Litvada neft, ohaktosh, dolomit, shisha qumlari, gil, torf, bur, gips, qahrabo va shifobaxsh buloqlar (Druskininkay, palanga, Birshtonas, Likenay) bor. Buloqlar atrofida kurortlar barpo etilgan. Litvada dengiz iqlimi kontinental iqlim bilan almashinib turadi. Kontinentallik g’arbdan sharqqa orta boradi. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -3° dan — 6° gacha. Iyulning o’rtacha temperaturasi 16,5°— 17,6°. O’rtacha yillik yog’in 750 mm. Daryolari Boltiq dengizi havzasiga mansub. Eng yirik daryosi — Nyamunas. Kaunas shahridan quyilish joyigacha kema katnaydi. Asosiy irmoqyaari: Nyaris, Nyavejis, Dubisa va boshqalar. Ular bahorda sersuv. 3000 ga yaqin ko’l bor, eng kattasi — Drisvyati. Ko’llar baliqchilik va suv parrandachiligida foydalaniladi. Tuproqlari podzol, chimli-podzol, podzol-botqoq, chimli-karbonatli, botqoq, podzollashgan-borli, allyuvial tuproqlar. Litva hududining 25% (1,6 million gektar) o’rmon. Igna barglilar — 65%, keng barglilar — 35%. Qarag’ayzorlar, qoraqarag’ayzorlar bor. Hududining 17% yaylov va o’tloq; 7% ga yaqini botqoqlik. Hayvonot dunyosida sut emizuvchilardan malla tovushqon, tulki, bo’ri, Los, asl va Xoldor bug’ular, to’ng’iz, norka, silovsin, suvsar, suv qunduzi va boshqalar yashaydi. Daryo va ko’llarda baliq turi ko’p. Qo’riqxonalari: Juvintas va Chyapkyalyu. Litva milliy bog’i bor. Aholisining 81% litvalar, shuningdek, ruslar, polyaklar, beloruslar ham yashaydi. Rasmiy til — Litva tili. Dindorlarning aksariyati — katolik. Shahar aholisi 68,5%. Yirik shaharlari: vilnyus, Kaunas, Klaypeda, Shyaulay. Tarixi. Litva hududidan topilgan arxeologik yodgorliklar bu yerda odam tosh asridan yashab kelayotganini ko’rsatadi. Aholi o’sha davrda urug’jamoalari tarzida yashagan, temirchilik, ovchilik va baliqchilik bilan shug’ullangan. Milodiy boshlarida yirik qabila va qabila uyushmalari (jemaytlar, yatvyaglar va boshqalar) ajralib chiqa boshladi. 5-6-asrlarda jamoalar yemirilib, sinfiy tabaqalanish boshlandi. 9— 10-asrlardan hunarmandchilik, savdo-sotiq ishlari avj oldi. 10— 12-asrlarda Litva hududida Deltuva, Karshuva, Letuva va boshqa knyazliklar paydo bo’ldi. 1240 yilda Buyuk Litva knyazligi vujudga keldi. 13-asrdan Litvaga nemis risarlarining bosqinchilik yurishlari boshlandi. 200 yil davomida Litva bilan nemis risarlari o’rtasida harbiy to’qnashuvlar bo’lib turdi. 1236 yil nemis risarlari Saule yonida mag’lubiyatga uchradi. 1260 yil Litva qo’shinlari nemis salibchilari ustidan Durbe ko’li yaqinida bo’lib o’tgan jangda g’alaba qozonib, Livon hamda Tevton ordenlarining bosqinchilik yurishlarini vaqtincha to’xtatdi. 13-asr o’rtalarida rus yerlarining feodal tarqoqligidan foydalanib, Litva knyazlari Belorus, Ukrain, rus yerlarini qo’shib oldi. Gedimin, Olgerd va Keystut knyazliklari davrida Buyuk Litva knyazligi ancha kengaydi. 14- asr o’rtalarida Minsk, Sharqiy Volin, Podole, Kiyev Litvaga qo’shildi. Knyaz Vitovt Dnepr va Dnestr oralig’idagi qora dengizgacha bo’lgan yerlarni qo’shib oldi. Bu davrga kelib Litva Sharqiy Yevropada eng yirik davlatga aylandi. 1340-1410 yillarda Tevton va Livon ordenlari yana hujumga o’tdi, sterva daryosi (1348) va Kaunas (1362) yonida yirik janglar bo’ldi. 1401-09 yillarda salibchilarga qarshi jemaytlar qo’zg’olon ko’tardi. Ichki va tashqi kurash sharoitida Litva Polsha bilan Krevo ittifoqini tuzdi (1386). 1410 yil 15 iyulda Litva va Polsha qo’shinlari Gryunvald jangida (1410) Tevton ordeni ustidan g’alaba qozondi. 1435 yil Sventa yaqinida mag’lubiyatga uchragan Livon ordeni ham o’z bosqinchilik yurishlarini to’xtatdi. 14-asr 2-yarmidan shaharlarda hunarmandchilik, keramika, oyna ishlab chiqarish, zargarlik rivoj topdi. Kaunas, Trakay va boshqa shaharlarda qasrlar qurildi. 15- asr o’rtalarida Buyuk knyazlar kengashi asta-sekin panlar Radasiga aylandi. 16-asrdan panlar Radasi va Seym davlat hokimiyatining asosiy organlari bo’lib qoldi. 1558 yil Rossiya bilan Livoniya urushi boshlandi. Bu urush Litva uchun muvaffaqiyatsizlik bilan tugadi. Litva hukmron doiralari Rossiyaga qarshi urushda yordam olish niyatida Polsha bilan yaqin aloqa o’rnatdi. 1569 yil Lyublin Ittifoqi tuzilib, Polsha bilan Litva Rech Pospolita davlatiga birlashdi. 1654-67 yillari rus qo’shinlari Litvaning Sharqiy qismini, 1655 yil Vil-Nyus va Kaunas shaharlarini bosib oldi. 1667 yil Smolensk yaqinida Rech Pospolita va Rossiya o’rtasida Andrusov sulhi imzolandi (Belorussiya yerlari va Ukrainaning Dnepr daryosi o’ng qirg’oq tomonidagi yerlar Litva tarkibida qoldi). Shimoliy urush (1700-21) yillarida Rech Pospolita Rossiyaning ittifoqdoshi bo’ldi. 17-18-asrlarda Rech Pospolita siyosiy inqirozga uchradi va 1772,1793, 1795 yillarda Prussiya, Avstriya, Rossiya o’rtasida bo’linib ketdi. Litva Rossiyaga qo’shildi. 19-asr 2-yarmida podsho hukumati Litvada millatchilik siyosatini kuchaytirdi. O’lkada milliy ozodlik harakati boshlandi. 1888 yil Vilnyusda Litva kasaba uyushma harakatiga asos solgan o’zaro yordam kassasi va Litva sotsial-demokratiyasi tashkil topdi. l-jahon urushi yillarida Litva hududi harbiy harakatlar maydoniga aylandi. 1915 yil kuzida Litva hududini Germaniya qo’shinlari bosib oldi. 1918 yil 16 Fevralda Litva davlatining mustaqilligi e’lon qilindi. 1918 yil dekabrda Litva hududining katta qismida sho’ro hokimiyati o’rnatildi va 1919 yil Fevralda Litva-Belorussiya sho’ro Respublikasi e’lon qilindi. 1919 yil avgustda nemis qo’shinlarining hujumidan so’ng qizil armiya bo’linmalari Litvadan chiqib ketishga majbur bo’ldilar. 1920 yil Litva bilan RSFSR o’rtasida imzolangan shartnomaga muvofiq, sho’ro hukumati Litva mustaqilligini tan oldi. 1940 yil iyunda Litva hududiga sho’ro qo’shinlari kiritildi. 1940 yil iyulda Xalq Seymiga saylovlar bo’lib o’tdi. 1940 yil 21 iyulda Litva sho’ro Respublikasi e’lon qilindi. 1941 yilda Litvani nemis-fashist qo’shinlari bosib oldi, 1944 yil iyul -1945 yil yanvarda sho’ro armiyasi tomonidan ozod qilindi. 1990 yil 11 martda respublika Oliy Kengashi Litva davlatini qayta tiklash haqidagi hujjatni qabul qildi va mamlakat Litva Respublikasi deb atala boshladi. 1990 yil mayda Litva Oliy Kengashi Litvaning davlat mustaqilligi haqidagi deklarasiyami qabul qildi. Litva 1991 yildan BMT a’zosi. 1992 yil 5 avgustda O’zbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlari o’rnatdi. Milliy bayrami — 16 Fevral — Litva davlati qayta tiklangan kun (1918). Asosiy siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari. Litva demokratik partiyasi, 1989 yilda tuzilgan, 1902-20 yillarda shu nomda faoliyat ko’rsatgan partiyaning vorisi; Litva sotsial-demokratik partiyasi, 2001 yilda asos solingan; Vatan Ittifoqi, 1993 yilda tuzilgan; Markaz Ittifoqi, 1992 yilda tuzilgan; Litva xristian demokratik partiyasi, 1990 yilda asos solingan; Litva erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasi, 1990 yilda tuzilgan. Xo’jaligi. Litva — industrial-agrar mamlakat. Yalpi milliy mahsulotda sanoatning ulushi — 51,2%, qishloq xo’jaligining ulushi — 24,7%, qurilishning ulushi — 9,8%, transportning ulushi — 3,6%, boshqa tarmoqlarning ulushi – 10,1%. Sanoatning asosiy tarmoqlari — mashinasozlik va metall ishlash, yog’ochsozlik, kimyo va neft kimyosi sanoati, binokorlik materiallari ishlab chiqarish, to’qimachilik va oziq-ovqat, neftni qayta ishlash sanoati. Energetika xo’jaligida gidroenergiya va torf ikkilamchi ahamiyatga ega. Litva issiqlik elektr stansiyasi va Vilnyus issiqlik elektr markazi keltirilgan gaz, mazut, ko’mir bilan ishlaydi. Kaunas GES, Ignalina AES bor. Litvada yiliga 18,7 milliard kVt-soat elektr energiyasi hosil qilinadi. Vilnyus, Rokishkis, Radvilish-kisda qishloq xo’jalik mashinalari, Kapsukasda oziq-ovqat korxonalari uchun asbob-uskunalar, Shyaulyayda velosiped, moped dvigatellari, Panevejisda avto-kompressorlar ishlab chiqariladi. Kedaynyayda kimyo kombinati (sulfat kislota va superfosfat), Ionavada azotli o’g’it zavodi, Kaunasda sun’iy tola zavodi, vilnyusda plastmassa buyumlar zavodi, Plungeda sun’iy charm zavodi bor. Mahalliy xom ashyo asosida yuqori sifatli tsement, g’isht, ohak, yirik silikat bloklar, drenaj quvurlari, cherepisa, shifer, yig’ma temir-beton va beton konstruktsiyalar hamda detallar tayyorlanadi. Panevejisda yirik oyna zavodi deraza oynasi va oyna bloklari ishlab chiqaradi. Ionava, Klaypeda, Kaunas, Shyaulyay, Vilnyus shaharlarida mebel kombinatlari bor. Qog’oz sanoatining asosiy markazlari — Kaunas, Grigishkes. Kaunasdagi qog’oz fabrikasi yuqori sifatli qog’oz, Klaypeda, Grigishkes, Pabradada karton, Klaypedada tsellyuloza va faner, Kaunasda gugurt, Klaypeda, Vilnyus, Grigishkes, Kazlu-rudada yog’och plitalar ishlab chiqariladi. Yengil sanoatda to’qimachilik va trikotaj, tikuvchilik, poyabzal tarmoqlari rivojlangan. Yengil sanoatning yirik markazlari: Kaunas, Vilnyus, Shyaulyay va Klaypeda. Utenada trikotaj fabrikasi va Alitusda ip gazlama kombinati mavjud. Badiiy hunarmandchilik (kahrabo, keramika va boshqalardan buyum yasash) rivojlangan. Go’sht, sut, baliq sanoati Litva oziq- ovqat sanoati mahsulotining 3/4 semiki beradi. Klaypeda — baliq ovlash va baliq sanoati markazi. Baliq Boltik, Barents dengizlaridan va Atlantika okeanidan ovlanadi. Qand-shakar, un, konditer, spirt-araq, pivo sanoati hamda meva va sabzavotni qayta ishlash, o’simlik moyi olish rivojlangan. Qishloq xo’jaligi. Litvada iqtisodiy faol aholining 35% ga yaqini qishloq xo’jaligida band Qishloq xo’jaligiga yaroqli yerlar 3,4 million gektar. G’alla, kartoshka, sabzavot, yem-xashak, suli, zig’ir, qand lavlagi ekiladi. Chorvachilik — qishloq xo’jaligining yetakchi tarmog’i. Qoramol, cho’chqa, qo’y va echki, yilqi, parranda boqiladi. Asalarichilik, darrandachilik (qora tulki va norka), baliqchilik rivojlangan. Transportining asosiy turlari — temir yo’l va avtomobil transporti. Temir yo’l uzunligi 3 ming kilometr. Avtomobil yo’llari uzunligi 44,5 ming kilometr, jumladan qattiq qoplamali yo’llar 80%. 1986 yildan Klaypeda — Mukran (Germaniya) solda kechuv yo’li ishlay boshladi. Dengiz savdo flotining tonnasi 374 ming tonna dedveyt (1992). Asosiy dengiz porti — Klaypeda, Daryo porti — Kaunas. Vilnyus aeroporti xorijiy mamlakatlarning 65 shahari bilan bog’langan. Litva chetga mashinasozlik, oziq-ovqat, yengil sanoat mahsulotlari chiqaradi. Chetdan mashina-uskunalar, xom ashyo oladi. Savdo-sotiqdagi asosiy mijozlari: Germaniya, Polsha, Belorussiya, Latviya, Estoniya va Skandinaviya mamlakatlari. Pul birligi — lit. Tibbiy xizmati. Tibbiyot mutaxassislari Kaunas tibbiyot institutida, Vilnyus universitetining tibbiyot fakultetida va 6 tibbiyot bilim yurtida tayyorlanadi. Druskininkay, Birshtonas, Likenay, Palanga, Neringa va boshqa balneologiya kurortlari mashhur. Maorifi, ilmiy va madaniy-ma’rifiy muassasalari. Litvada o’rta umumiy ta’lim deyarli to’la amalga oshirilgan. 12 oliy o’quv yurti bor. Eng yiriklari: Vilnyus universiteti, Vilnyus pedagogika universiteti, Vitautas Magnus universiteti, Vilnyus texnika universiteti, Kaunas texnologiya universiteti, Kaunas tibbiyot akademiyasi, Klaypeda universiteti. Qishloq xo’jalik akademiyasi, Litva fanlar akademiyasi bor. Litva davlat kutubxonasi, Fanlar Akademiyasi kutubxonasi, klub muassasalari, muzeylar va boshqalar madaniy-ma’rifiy muassasalar mavjud. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Litvada bir necha gazetasi va jurnal nashr etiladi. Eng muhimlari: “Letuvoe aydas” (“Litva aks sadosi”, Litva tilidagi kundalik gazetasi, 1917 yildan), “Letuvos ritas” (“Litva tonggi”, Litva va rus tilidagi kundalik gazetasi, 1919 yildan), “Gimtine” (“ona Diyor”, Litva tilidagi oylik jurnal, 1989 yildan), “Atgimimas” (“Uyg’onish”, Litva tilidagi haftanoma, 1988 yildan), “Bichyuliste” (“Do’stlik”, Litva tilidagi haftalik gazeta, 1990 yildan). Elta telegraf axborot agentligi 1995 yildan aktsiyadorlik jamiyati, 1920 yilda asos solingan; Litvada radioeshittirish 1926 yildan, teleko’rsatuv 1957 yildan ishlaydi. Litva radio va televideniesi 1940 yil Vilnyus shahrida tashkil etilgan. Adabiyoti. Litva xalqi o’z qarashlari va orzu-umidlarini boy og’zaki ijodiyotida — qo’shiqdar, ertaklar, afsonalar, maqolalarda ifoda etgan. Qadimgi yozma yodgorliklari 14-16-asrlarda (yilnomalar, huquq mavzuidagi va tarbiyaviy asarlar) yaratilgan. 16-17-asrlarda, asosan, diniy adabiyotlar nashr qilingan (M. Dauksha, Y. Bretkunas va boshqalar)- 17— 18- asrlarda Litva tilida epigrammalar, dostonlar, she’riy maktublar yuzaga keldi (A. Shimelpenigis, K. Milkus va boshqalar). 19-asr 1-yarmida Litva adabiyoti rivojiga shiorlar D. Poshka (“Jemaytiya va Litva mujigi”), A. Baranauskas (“Anikshchyay qarag’ayzori”), yozuvchi M. Valanchyus (“Palangalik yuze”) kabilar munosib hissa qo’shdilar. 19-asr 2-yarmi va 20-asr boshlarida adabiyotda turli janrlar yuzaga keldi. V. Kudirka, P. Vaychaytis, Mayronis (I. Machyulis taxallusi), G. Pyatkyavichayte-Bite va boshqalar ijod qila boshladi. Litva adabiyotida tanqidiy realizmning shakllanishi yozuvchi Yu. Jemaytening ijodi bilan bog’liq (“kelin”, “Pyatras Kurmyalis”). Realist yozuvchilardan V. Kreve, Vayjgantas va boshqalar ijodida romantik an’analar namoyon bo’ldi. 40-60-yillarda P. Svirka, Y. Shimkus, S. Neris kabi yozuvchilar yetishib chiqdi. 2-jahon urushi yillarida E. Mejelaytis, V. Reymeris va boshqa yosh shoirlar voyaga yetdi. Urushdan keyingi yillarda Stuoga, Simonaytite, Y. Avijyus va y. Gribas kabi yozuvchilar samarali ijod qildilar, 50-70-yillarda yaratilgan E. Simonaytitening “Vilyue Karalyus”, A. Belyauskausning “Kaunas romani”, Y. Avijyusning “yo’qotilgan boshpana” romanlari, E. Mejelaytisning “Inson” she’riy to’plami, Yu. Marsinkyavichyusning “qon va kul”, “devor” dostonlari, Yu. Grushasning “Gerkus Mantas” dramasi Litva adabiyotining yutug’i bo’ldi. 1957-68 yillarda “Litva adabiyoti tarixi”ning 4 jildligi e’lon qilindi. K. Ambrasas, A. Buchis, L. Gineytis kabi adabiyotshunoslar Litva adabiyotining dolzarb muammolari ustida tadqiqot olib bordilar. Keyingi yillarda G. Korsa-Kene, Y. Dovidaytis, A. Baltakis, Yu. Vaychyunayte, P. Shirvis, S. Ged, Yu. Grushas, K. Say va boshqa yozuvchilarning asarlari shuhrat qozondi. O’zbek va Litva xalqlari o’rtasidagi adabiy aloqalar rivojlangan. Litva adabiyotining eng yaxshi namunalaridan M.Sluskisning “jasorat” romani, E.Mejelaytisning “inson” she’riy to’plami, K.Donyalaytisning “yil fasllari” dostoni va boshqa asarlar o’zbek tiliga tarjima qilingan. O’zbek adiblaridan Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon”, Oybekning “Navoiy”, G’afur G’ulomning “Shum bola”, Abdulla Qahhorning “Sinchalak”, Asqad Muxtorning “Chinor” romani va boshqa asarlar Litva tiliga tarjima qilingan. Me’morligi. Litva hududida miloddan avvalgi 4— 2-ming yilliklarga mansub turar joy qoldiqlari topilgan. Ular aylana, oval shaklida qurilgan. 5-8-asrlarda atroflari chuqur qilib, yog’ochlar bilan o’ralgan qarorgohlar, 9-12-asrlarda yog’och qo’rg’onlar vujudga kelgan. 14-asrda muhim joylarda mudofaa inshootlari qurilgan, qo’rg’onlar qurilishida minoralarga ahamiyat berilgan. 15-asrdan boshlab Litvada shaharlar qurilishi tez o’sdi (ko’pincha, uylar ikki qavatli qilib, birinchi qavatda savdo do’konlari, ikkinchi qavatda esa turar joylar qurilgan). 16-asrdan Uyg’onish davri madaniyati ta’siri kuchaydi. 17-18-asrlarda barokko uslubida serhasham katolik cherkovlar, saroylar qurildi. 18-asrning oxiri va 19-asrning 1-yarmida klassitsizm tamoyillari yoyildi (Vilnyusdagi katta butxona, hozirgi rasmlar galereyasi, shahar ratushasi, hozirgi Badiiy muzey). 19-asrning 2-yarmida va 20-asr boshlarida Litva me’morligida o’tmishdagi uslublarga taqlid kuchaydi, 20-30-yillarda xalq san’ati va neoklassika an’analari ta’sirida binolar qurildi (Kaunasdagi bank, me’mor M. Songayla). 2-jahon urushidan keyin shaharlar bosh reja asosida qayta tiklandi, yangi shaharlar vujudga keldi, yirik panelli uylar qurilishi avj oldi. Binolarning old tomonlarini bezatishda yog’och, keramika, vitraj, metalldan foydalanishga e’tibor berildi (“Nyaringa” mehmonxonasi va qahvaxonasi, me’morlar A. va V. Nasvitislar va boshqalar). Litvalik me’morlar loyihasi asosida Toshkent (Chilonzor)da ham bir necha uy qurilgan. Tasviriy san’ati. Litva hududida neolit davriga mansub odamlar va hayvonlarning juda sodda kahrabo, yog’och haykalchalari, keramika idishlari topilgan. 9-12-asrlarda metallni badiiy ishlash rivoj togan (qurol, zargarlik buyumlari). 16-17-asrlarda portretlar ko’p yaratilgan. Kitob nashr qilishning yo’lga qo’yilishi bilan ksilografiya rivojlangan. 17-18-asrlarda saroy va cherkovlarni bezashda haykaltaroshlik va rassomlik san’atidan keng foydalanilgan. 19-asrda yangi davr milliy san’ati shakllandi. 20-asr boshlarida milliy rassomlik shakllanishiga adabiy-badiiy jamiyat faoliyati ta’sir o’tkazdi. Haykaltaroshlardan Yu. Zikaras va P. Rimsha realistik an’analarni davom ettirishdi. Rassom M. Chyurlenis ijodida adabiy folklor fantastikasi simvolika bilan hamohang bo’lib ketgan. Zamonaviy rassomlar orasida A. Saviskas, S. Vey-Verite, Y. Shvajas, V. Yurkunas va boshqalar ajralib turadi. Kahraboga sayqal berish, yog’ochsozlik, qo’lda to’qish san’ati rivoj topgan. Musiqasi. Adabiy folklori laparlar, asosan, ishqiy qo’shiq (Dayna)larga boy. Ko’pchilik bo’lib aytiladigan qadimgi qo’shiqlar sutartine deb ataladi. Xalq raqslari turli shakllar yasab, mayin tushiladi. Musiqa asboblari orasida torli sozlardan kankles, puflama sozlardan Ragas (burg’u), daudite (uzun truba), skuduchay, lumzdyalis (fleyta turlari), urib chalinadigan sozlardan skrabalay va boshqalar keng tarqalgan. Professional musiqa 14-asrdan rivojlandi. 16-asrdan cherkov xor musiqa maktablari vujudga keldi, zodagonlarning saroylarida kapella, opera va balet truppalari tashil etildi. 18-asrda Vilnyus teatrida G’arbiy Yevropa kompozitorlarining opera va baletlari sahnalashtirildi. 1803 yilda Vilnyus un-tida musiqa kafedrasi ochildi. 1906 yilda “Vilnyaus kankles” jamiyatining kuchi bilan birinchi milliy opera (M. Petrauskas, “Birute”) sahnaga qo’yildi. M. Chyurlenis ilk milliy simfonik va kamer musiqa asarlarini yaratdi. 1920 yilda Kaunasda opera teatri, 1921 yilda balet studiyasi, 1933 yilda konservatoriya ochildi. 1940 yilda Vilnyusda filarmoniya, xalq ijodiyoti uyi, musiqa bilim yurti tashkil etildi. 1948 yilda opera va balet teatri Kaunasdan Vilnyusga ko’chirildi. Keyingi yillarda mahalliy mualliflarning “Marite” operasi, “Dengiz sohilida” baleti, “Oltin dengiz” operettasi tomoshabinlarga taqdim etildi. Simfoniya va kamer janrlari rivoj topdi. Kompozitorlardan A. Rachyunas, Yu. Yuzelyunas, A. Belazaras, V. Yugova, B. Dvarionas va boshqalar barakali ijod qildi. Vilnyus konservatoriyasi, pedagogika institutining musiqa bo’limi, Shyaulyay pedagogika institutining musiqa fakulteti, 5 musiqa bilim yurti, musiqa va xoreografiya maktablari musiqadan ta’lim beradi. Dirijyorlardan — B. Dvarionas, I. Shvyadas, S. Sondyaskis, xonandalardan — K. Petrauskas, Y. Stasyunas, V. Noreyka va boshqalar mashhur. Teatr san’ati unsurlari Litva xalq hangomalari va turli marosimlarida ko’p uchraydi. 16-18-asrlarda maktab teatrlari faoliyat ko’rsatgan. 1785 yilda Vilnyusda tuzilgan professional truppa Litvada birinchi xalq teatriga asos bo’ldi. 1905-07 yillarda va undan keyin Vilnyus, Kaunas, Shyaulyay va boshqa shaharlarda havaskorlik teatrlari, drama to’garaklari tashkil topdi. 1919-40 yillarda Kaunas teatr hayotining markazi bo’ldi. Bu yerda Milliy teatr (1919 va 1923-25), “Vilkolakis” satira teatri (1919-25) faoliyat ko’rsatib, K. Glinskie, Yu. Vaychkus, A. Sutkus kabi rejissyorlar samarali ijod qilib, muvaffaqiyatga erishdilar. Keyingi yillarda Vilnyus davlat teatri va boshqa bir qator teatrlarda jahon va Litva dramaturgiyasining eng yaxshi asarlari sahnaga qo’yildi (Yu. Marsinkyavichyusning “qon va kul”, Yu. Grushasning “Gerkus Mantas” va boshqalar). Sahna san’ati rivojiga B. Dauguvetis, Yu. Siparis, D. Banionis, B. Babkauskas, S. Yukna va boshqa aktyor hamda rejissyorlar katta hissa qo’shdilar. Vilnyus drama teatri, yoshlar teatri, Kaunas drama teatri, Shyaulyay, Panevejis, Klaypeda teatrlari, Vilnyus va Kaunasda qo’g’irchoq teatrlari bor. Aktyor va rejissyorlar Vilnyus konservatoriyasida tayyorlanadi. Kinosi. Dastlabki “Nyamunas oldida” filmi 1909 yilda yaratilgan (operator va rejissyor V. Staryavichyus). 1940 yilda kaunasda hujjatli va xronikal filmlar studiyasi tashkil qilindi. 50-yillarning o’rtalarida studiya bazasi kengaytirilib, badiiy filmlar ham ishlab chiqarila boshladi. V. Jalakyavichyus, V. Mikalauskas (rejissyorlar), I. Grisyus (operator) va boshqalar. Litva kino san’atida muhim rol o’ynay boshladilar. Rejissyor va stsenariychi V. Jalakyavichyusning “bir kun voqeasi”, “hech kim o’lishni istamas edi”, rejissyor R. Vabalasning “tungi odamlar”, “osmonga narvon”, A. Jebryunasning “Qizaloq va aks sado”, “go’zal” filmlari Litva kino san’atida muhim voqea bo’ldi. Litvada hujjatli kino san’ati rivoji V. Staroshas, L. Tautrimas. L. Masulevichyuslarning “O’z Vatanida”, “Polshada 10 kun”, “Nyaringa” va boshqa kino ocherklari bilan bog’liq. O’zbekiston — Litva munosabatlari. O’zbekiston Respublikasi bilan Litva Respublikasi o’rtasidagi iqtisodiy munosabatlarga O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 1995 yil iyunda Litvaga qilgan safari vaqtida imzolangan savdo-iqtisodiy hamkorlik haqidagi biyim asos qilib olingan. Shu bitimga binoan, ikkala mamlakat savdo-sotiqda bir-biriga eng ko’p qulaylik yaratib berishi va bevosita xo’jalik aloqalari o’rnatish ko’zda tutilgan. Natijada mamlakatlar o’rtasidagi tovar aylanmasi 1994 yildagi 23,692 million AQSh dollaridan 2001 yilda 29,9 million dollarga yetdi. Litva Prezidentining 1997 yil Fevraldagi O’zbekiston Respublikasiga tashrifi chog’ida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada chuqurlashtirish haqida kelishib olindi. Nihoyat, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimovning 2002 yil sentabrda Litvaga tashrifi ikki mamlakat o’rtasidagi iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi, bir qancha muhim shartnomalar imzolandi. Jumladan, transport, qishloq xo’jaligi, yoqilg’i sanoati, oziq-ovqat va yengil sanoat sohalarida hamkorlik qilinadigan bo’ldi. O’zbekiston-Litva savdo- iqtisodiy hamkorlik qukumatlararo komissiyasi ish boshladi. O’zbekiston Respublikasidan Litvaga paxta tolasi, neft va neft mahsulotlari, rangli metall, tomat mahsuloti, meva va sabzavot konservasi, o’g’it, ip gazlama, qimmatbaho toshdan yasalgan mahsulotlar yuborib turiladi. Litvadan O’zbekiston Respublikasiga esa mashina, asbob-uskuna, sut, go’sht va baliq mahsulotlari, qand-shakar va qandolat, yog’och va mebel, trikotaj, poyabzal va bosh kiyimlar, sariyog’va o’simlik yog’i kabilar yuboriladi. “O’zbeksavdo” tashkilotlari Litvadagi “Avokado”, “Vekta”, “Klaypedos Balday prekiba”, “Liora”, “Inkaras” singari aktsiyadorlik jamiyatlaridan sovitkichlar, mebel, ro’zg’or asboblari, kiyim-kechak, poyabzal, attorlik buyumlari, zig’ir tolasidan to’qilgan gazlama, deraza parda, mo’ynali bosh kiyimlar oladi. Yuk tashish sohasidagi hamkorlik O’zbekiston Respublikasi uchun ayniqsa ahmiyatlidir. Klaypeda portidan o’zbek tovarlari Germaniya, Polsha, Niderlandiya, Belgiya, Shvesiya, Finlyandiya, Daniya va Frantsiyaga yuboriladi. “O’zbekmebel” davlat aktsiyadorlik jamiyati Litvaning “Audeyas”, “Avokado” korxonalari bilan tuzgan shartnomalarga binoan, yuqori sifatli mebelbop gazlama, yog’och tolali plitalar va yelim oladi. O’zbekiston Respublikasida litvalik sarmoyadorlar ishtirokida tashkil etilgan 22 qo’shma korxona faoliyat ko’rsatmoqda. Madaniy hamkorlik sohasida ham dastlabki qadamlar qo’yildi. Jumladan, 1992 yil Toshkentda tuzilgan Litva madaniyati jamiyati, 1994 yil Vilnyusda tuzilgan o’zbek milliy jamiyati samarali ish olib borayotir, ikkala xalqning madaniy merosini saqlash va targ’ib qilishga, tilini o’rganish va adabiy asarlarini tarjima qilib nashr etishga hissa qo’shayotir.