AORTA

AORTA (Yunoncha aorta), shotomir — odam va hayvonlar organizmidagi eng katta, uzun yagona qon tomiri. Yurakning chap qorinchasidan chiqib organizmning barcha a’zolari va to’qimalariga tarmoqlanadi. Aorta devori qalinroq bo’lib, asosan elastik to’qimadan tuzilgani uchun chap qorinchadan otilib chiqqan qon bosimiga chidamli va kengayish xususiyati rivojlangan. Aorta yuqoriga ko’tariluvchi ravoq va pastga tushuvchi qismlardan iborat. Pastga tushuvchi qism ko’krak va qorin Aortasiga bo’linadi. Qorin Aortasi IV bel umurtqasi ro’parasida o’ng va chap umumiy yonbosh arteriyalarga ajraladi. Aortaning boshlanishidan oxirigacha bo’lgan qismidan chiqqan arteriya tolalari butun organizm to’qimalari va a’zolarini qon bilan ta’minlaydi.