APELSIN

APELSIN, po’rtaxol (Citrus sinensis — gollandcha appelsien — aynan Xitoy olmasi) — rutadoshlar (apelsingullilar oilasi) ning tsitruslar turkumiga mansub doim yashil daraxt va buta. Vatani — birma va Janubiy-G’arbiy Xitoy. Yovvoyi holda uchramaydi. Tropik va subtropik mamlakatlarda qadimdan madaniylashtirilgan (Xitoyda 2 ming yildan beri, Janubiy Yevropada 15-asrdan, Kavkazning qora dengiz buylarida 11-asrdan). Bo’yi 6 — 12 metr. Shox va novdalarida ingichka tikanlari bor. Bargi tuxum shaklida, hosili asosan noyabr-dekabr oylarida etiladi. Mevasi dumaloq yoki tuxumsimon, sarg’ish yoxud qizg’ish, vazni 300 — 400 gramm, ta’mi nordon, tarkibida 12% qand, 1 — 2% limon kislota, 0,9% oqsil, A, V, S vitaminlar va efir moyi (po’stida) bor. Apelsin ho’l meva holida iste’mol qilinadi; undan sharbat, kompot, qiyom va murabbo tayyorlanadi, po’stidan olinadigan moy atir-upa va konditer sanoatida qo’llaniladi. Hosildorligi 200 — 250 tsentner/gektargacha boradi. 300 ga yaqin navi bor. Vashington Navel, Silliqpo’st, Korolyok 100 va boshqa navlari ko’p ekiladi. Ekilgandan so’ng 3 — 4 yilda hosilga kiradi. Issiqsevar va namsevar. Qulay sharoitlarda 75 yildan ortiq yashaydi va hosil beradi. Trifoliat, bigardiya, mahalliy navlar urug’laridan chiqqan nihollarga payvand qilinadi. 4×2,5 metr sxemada ekiladi. Temperatura — 10° da yer usti qismi butunlay nobud bo’ladi. Apelsin AQSh, Ispaniya, Italiya, Xitoy, Turkiyada hamda Gruziyaning g’arbida ko’p yetishtiriladi. O’zbekiston va Tojikistonda usti yopiladigan maxsus uzun o’ra (transheya)larda, issiqxonalarda o’stiriladi.