Lesoto (Lesotho), Lesoto Qirolligi
Lesoto (Lesotho), Lesoto Qirolligi (Kindom of Lesotho) — Janubiy Afrikadagi davlat. Hamma tomoni JAR hududi bilan o’ralgan. Maydoni 30,3 ming km2. Aholisi 2,177 million kishi (2001). Poytaxti — Maseru shahri. Ma’muriy jihatdan 10 okrug (district) ga bo’lingan. Davlat tuzumi. Lesoto — Konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi Konstitutsiyasi 1993 yilda qabul qilingan (2001 yil martda tuzatishlar kiritilgan). Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo’stlik tarkibiga kiradi. Davlat boshlig’i — qirol (1996 yildan Letsie III). Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali parlament — Millat Majlisi va senatdan iborat. Ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi. Tabiati. Lesoto tog’li mamlakat, Basuto platosida (o’rtacha balandligi 2300-3000 metr) joylashgan. Platoni Sharq va Janub tomondan Drakon tog’lari o’rab turadi. Iqlimi tropik, quruq kontinental. Yanvarning o’rtacha temperaturasi 25-26°, iyulniki 10°, biroq tez-tez sovuq bo’lib turadi, tog’larga qor tushadi. Yillik o’rtacha yog’in 750-1000 mm. Daryolari gidroenergiyaga boy; eng kattasi — Oranj. Tuproqdari mamlakat g’arbida qumli, unumsiz, sharqida unumdor, vulkan tuproqlar. Lesoto dashtlarida g’allasimon o’simliklar o’sadi; Drakon tog’larida butazorlar, o’tloqlar bor. Aholisining 98%ga yaqini afrikaliklar, asosan, suto xalqi, shuningdek, zulular, inglizlar va boshqalar yashaydi. Rasmiy til — sesuto va ingliz tillari. Aholining ko’p qismi (70% dan ko’prog’i) xristian (katolik, protestant)lar, qolgan qismi an’anaviy dinlarga e’tiqod qiladi. Shahar aholisi 19%. Yirik shaharlari: Maseru, Leribe, Mafeteng. Tarixi. Lesoto davlatining qadimgi tarixi kam o’rganilgan. 17-18-asrlarda mamlakat tub aholisi—bushmenlar shimoldan kelgan sutolar tomonidan siqib chiqarildi va qabila boshlig’i Moshesh 1 hokimiyati ostiga birlashtirildi. 1836 yildan Lesotoni burlar va yevropaliklar (inglizlar) egallay boshladi. 1884 yil Lesoto rasmiy ravishda Buyuk Britaniyaning Basutolend protektoratiga aylantirildi va Buyuk Britaniya Lesotoda “bevosita boshqarish” tizimini joriy etdi. Oqibatda Basutolend Buyuk Britaniyaning Janubiy Afrikadagi sanoati va mustamlakalari uchun arzon ishchi kuchi manbaiga aylanib qoldi. 1907 yil Basuto-Lend taraqqiyparvar uyushmasi tashkil topdi. Bu tashkilot maorif, savdo-sotiq va boshqa sohalarda bir qator islohotlar o’tkazdi. Keyinroq kambag’allar ligase tuzildi. U xalq hayotini demokratlashtirish va mustamlakachilikni tugatishni talab qildi hamda Basutolendni zo’rlik bilan o’ziga qaram qilib olmoqchi bo’lgan Janubiy Afrika Ittifoqi (1961 yildan JAR) irqchilariga qarshi qattiq kurash olib bordi. 2-jahon urushi davrida min glab sutolar Yevropa, Afrika va yaqin Sharqdagi urushda ingliz qo’shinlari tomonida qatnashdi. Urushdan keyin milliy ozodlik harakati kuchaydi. 1952 yil Basutolendda birinchi siyosiy partiya—Basutolend Afrika kongressi (bak) tuzildi. 1960 yil o’tkazilgan saylovda bak negizida tashkil etilgan Kongress partiyasi g’alabaga erishdi va mahalliy hokimiyat organlari tashkil topdi. 1965 yil kuchga kirgan konstitutsiyaga muvofiq, Basutolend o’zini o’zi ichki boshqaruv huquqiga ega bo’ldi; parlamentga saylov o’tkazildi. Lesoto Jonatan bosh vazir qilib tayinlandi. 1966 yil 4 oktabrda Basutolend mustaqillikka erishdi va shu yili qabul qilingan yangi Konstitusiyaga binoan, Basutolend Lesoto Qirolligi deb atala boshladi. Lesoto — 1966 yil 17 oktabrdan BMT a’zosi. Lesoto hukumati demokratik kuchlar harakatini bostirish maqsadida JAR hukumati bilan aloqalarni yanada mustahkamlash tadbirini ko’ra boshladi. 1970 yil 27 yanvarda bo’lib o’tgan parlament saylovida Milliy partiya mag’lubiyatga uchradi. Shundan keyin Lesoto Jonatan favqulodda holat joriy etdi, saylov natijalarini bekor qildi, Konstitutsiya faoliyatini to’xtatdi. 1973 yilda favqulodda holat bekor qilindi. 1990 yilda hokimiyatni harbiylar qo’lga oldi. 1993 yilda keyingi 23 yil mobaynida birinchi marta demokratik saylov o’tkazildi, unda parlament saylandi. Harbiy kengash ijroiya hokimiyatni fuqarolardan iborat hukumatga topshirdi. Milliy bayram — 4 oktabr. Mustaqillik kuni (1966). Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari. Basuto milliy partiyasi, 1959 yilda tuzilgan; Basuto Kongressi partiyasi, 1959 yilda asos solingan; Marematlu ozodlik partiyasi, 1962 yilda tuzilgan; Lesoto Kongressi demokratiya uchun partiyasi, 1997 yilda asos solingan; Lesoto birashgan demokratik partiyasi; 1969 yilda tuzilgan. Lesoto erkin kasaba uyushmalari kongressi faoliyat ko’rsatadi. Xo’jaligi. Lesoto — Afrikada iqtisodiy jihatdan zaif rivojlangan agrar mamlakatlardan biri. Mehnatga layoqatli aholining ko’pgina qismi jarga borib ishlashga majbur. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 12%, qishloq xo’jalik ulushi 12,3%. Qishloq xo’jaligi zaif, qishloq xo’jalikga yaroqli yerlarning 10%ga ekin ekiladi. Qoramol, qo’y, angora echkisi, ot, xachir, eshak boqiladi. Dehqonchilikda makkajo’xori, oq jo’xori, bug’doy, arpa, suli, kartoshka va sabzavot yetishtiriladi. Sanoatida olmos qazib oladigan, sha’m, o’g’it, g’isht, gilam, kiyim-kechak, mebel ishlab chiqaradigan, televizor yig’adigan korxonalar bor. Kulolchilik, to’quvchilik birmuncha rivojlangan. 1 yilda o’rtacha 1 million kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Ko’mir, kvars, uran konlari bor. Avtomobil yo’llari uzunligi — 5200 kilometr (2100 kilometr qattiq qoplamali). Poytaxtdan JAR chegarasigacha 1,7 kilometrli temir yo’l qurilgan. Milliy aviakompaniya va Maseruda xalqaro aeroport bor. Tashqi savdoda eksportning 85% va importning 90% jarga to’g’ri keladi. Chetga qishloq xo’jalik mahsuloti, jun va jun mahsuloti, chorva mollari, olmos chiqariladi; chetdan sanoat mollari, oziq-ovqat, neft, mashina-uskunalar keltiriladi. 1986 yilda muomalaga kiritilgan milliy pul birligi — loti (maloti) bilan bir qatorda JAR pul birligi — randdan bemalol foydalaniladi. Tibbiy xizmati va maorifi. Vrachlar chet elda tayyorlanadi. 6 yoshdan 14 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun majburiy ta’lim joriy qilingan. Boshlang’ich ta’lim bepul, o’rta va oliy ta’lim pulli. Boshlang’ich maktabda o’qish muddati 7— 8 yil, o’rta maktabda 5 yil Roma shahrida milliy universitet, Maseruda qishloq xo’jalik kolleji, geologiya xizmati, qishloq xo’jalik tajriba stansiyasi, universitet kutubxonasi, davlat kutubxonasi va arxivi bor. Matbuoti, radioeshittirishi va teleko’rsatuvi. Kundalik gazetalari yo’q. Davriy nashrlaridan yiriklari: “lesoto Tudey” (“Lesoto bugun”, ingliz tilidagi haftalik gazeta, 1986 yildan), “Moeletsi OA Basuto” (“Basuto maslahatchisi”, sesuto va ingliz tilidagi haftanoma, 1933 yildan), “Mochochonono” (“kometa”, sesuto va ingliz tilidagi haftalik gazeta, 1974 yildan), “Leseliniana la Lesoto” (“Lesoto nuri”, sesuto va ingliz tilida 2 haftada chiqadigan gazeta, 1863 yildan). Lesoto milliy radioeshittirish xizmati mavjud. Radiostansiyalari sesuto hamda ingliz tillarida eshittirish olib boradi. 1971 yildan teleko’rsatuvlar boshlangan. Lesoto Hukumat axborot agentligi 1983 yildan ishlaydi. Me’morligi. Asosiy aholisi (Sutolar) tartibsiz qurilgan katta-katta qishloqlarda yashaydi. Doirasimon turar joylar tosh yoki xom g’ishtdan tiklangan va qamish bilan kuloh shaklida yopilgan. To’g’ri burchakli uylar ham tosh yoki xom g’ishtdan qurilgan, tomi 2 nishabli yoki 4 nishabli kilib yopilgan. Uy devorlari qizil yoki sariqrang bilan bo’yalgan va geometrik naqsh ishlangan. 20-asr 2-yarmida Maseruda zamonaviy bino va inshootlar (aeroport, ichki ishlar vazirligi, mehmonxona va boshqa binolar) qurildi. Tasviriy san’ati. Lesoto hududida qoyalarga bitilgan yozuv va naqshlar saqlangan. Ular bushmenlarning ijodi deb taxmin qilinadi. Badiiy hunarmandchilik, ayniqsa, yog’och o’ymakorligi rivojlangan. Ro’zg’or buyumlari (ko’za, quti, bolishlar)ga turli shakllarda naqsh solinadi. Yog’och haykalchalar va sopol idish (choynak, guldon)lar yasaydilar. “Karossa” deb ataluvchi po’stinlarni munchoklar bilan bezatadilar. Rangli munchoqlardan marjon shodalar tayyorlaydilar. Musiqasi. Sutolar hayotida musiqa muhim ahamiyatga ega. Cholg’u asboblari juda xilma-xil bo’lib, ulardan yakka ijrochilikda ham, qo’shiq yoki raqs jo’rligida ham foydalaniladi. Musiqa folklorida qo’shiqlarning 2 guruhi mavjud: ka maoto deb ataluvchi guruhga mansub qo’shiqlar aytilganida raqs tushiladi va mehnat jarayonini aks ettiruvchi sahnaviy harakatlar qilinadi. Xo engoe guruhidagi qo’shiqlar harakatsiz ijro etiladi. Jangda halok bo’lgan botirlar taqdirini tasvirlovchi qo’shiq ijro etilganida erkaklar jangovar ruxdagi raqsga tushadilar. Tabiat hodisalariga bag’ishlangan qo’shiqlar, to’y va diniy qo’shiqlar, madhiyalar, Marsiyalar, albatta, musiqa jo’rligida ijro etiladi.