Leningrad viloyati
Leningrad viloyati – Rossiya Federatsiyasidagi viloyat. Shimoliy-G’arbiy iqtisodiy rayonga kiradi. 1927 yil 1 avgustda tashkil etilgan. Maydoni 85,9 ming km2. Aholisi 1681,7 ming kishi (Sankt-Peterburg shahridan tashqari, 1998), Sankt-Peterburg shahri va unga bo’ysunuvchi shahar va shaharchalar bilan birga 6430,2 ming kishi. Asosan, ruslar; eston, ukrain, fin, tatar, Karel, Belorus, Veps, yahudiy va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 75 kishi. Shaharliklar 66% (Sankt-Peterburgsiz). 17 tumanga bo’lingan; 29 shahar, 37 shaharcha bor (1998). Markazi — Sankt-Peterburg shahri. Leningrad viloyati shimoli g’arbda Finlyandiya, g’arbda Estoniya bilan chegaradosh. Hududining ko’p qismi Boltiq bo’yi pasttekisligida, Sharqiy va shimoliy-Sharqiy qismlari Valday va Olones qirlarida joylashgan. Leningrad viloyati Fin qo’ltig’i, Ladoga va Onega ko’llari bilan qurshab olingan. To’rtlamchi davr muzlanishlaridan qolgan morena tepalari va tekisliklari saqlangan. Fin qo’ltig’i va Ladoga ko’li oralig’ida Kareliya bo’yni qirlari joylashgan. Yer yuzasining balandligi 300 metrgacha. Fin qo’ltig’i sohillari pasttekislik, ayrim joylarda qum tepalar uchraydi. Shimoliy sohillarida juda ko’p qo’ltiq va qoyali orollar bor. Foydali qazilmalardan boksit, yonuvchi slanes, fosforit, torf, kvars qumlari, o’tga chidamli gil va boshqalar mavjud. Iqlimi mo’tadil, dengiz iqlimi bilan kontinental iqlim oralig’ida. Yanvarning o’rtacha temperaturasi -7°, iyulniki 15°. Yillik yog’in 850 mm. Vegetatsiya davri 150— 173 kun. Asosiy daryolari: Neva, Volxov, Svir, Luga, Vuoksa, Syas. Ko’l ko’p. Tuproqlari podzol va turli xil botqoq tipli, chirindiga boy karbonatli tuproqlar. Viloyat hududining qariyb yarmi o’rmon bilan qoplangan. Yovvoyi hayvonlardan Olmaxon, Krot, tulki, oq quyon, Los va boshqalar uchraydi. Daryo va ko’llarda turli xil baliqlar bor. Quyi Svir qo’riqxonasi mavjud. Neva qo’ltiqchasi va Viborg qo’ltig’i suvlari sanoat chiqindilari bilan juda ifloslangan. Leningrad viloyati sanoati eng yirik sanoat markazi Sankt-Peterburg bilan bog’liq. Iqtisodiyotining asosini sanoatning, asosan, o’rmon, yog’ochsozlik, yoqilg’i, tsellyuloza-qog’oz va alyuminiy tarmoqlari tashkil qiladi. Eng yirik korxonalari: Svetogorsk va Syas tsellyuloza-qog’oz kombinatlari. Priozyorsk tsellyuloza zavodi va Gatchina karton-qog’oz fabrikasi. Alyuminiy sanoati Volxov alyuminiy zavodi (maxsus toza metall ishlab chiqariladi), Boksitogorsk rayonidagi boksit koni, Boksitogorsk va Pikalyovo glinozem zavodlaridan iborat. Mashinasozlik sanoati, elektrotexnika, energetika, kemasozlik va vagonsozlik, qishloq xo’jalik mashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Og’ir mashinasozlik ham mavjud. Elektrotexnika va radio-elektronika, priborsozlik, kemasozlik va vagonsozlik, turli xil sanoat jihozlari ishlab chiqarish sanoat tarmoqlari bor. Kimyo sanoatida kon-kimyo (fosforit) tarmoqlari rivojlangan. Yonilg’i sanoatining eng yirik korxonalari: Kirishi shahridagi neftni qayta ishlash zavodi (dizel yonilg’isi, mazut, benzin ishlab chiqaradi). O’nlab torf va slanes, boksit korxonalari ishlab turibdi. Qora va rangli metallurgiya rivojlangan. Yengil sanoatning tikuvchilik, trikotaj, poyabzal tarmoqlari, ozik-ovqat sanoati korxonalari mavjud. Svir, Volxov, Vuoksa, Narva daryolarida GES, kirishi GRES, AES (Sosnoviy bor shahrida) qurilgan. Qishloq xo’jaligi, asosan, shahar atrofini meva, sabzavot bilan ta’minlashga ixtisoslashgan. Sut-go’sht chorvachiligi, cho’chqachilik, parrandachilik bilan shug’ullaniladi. Yem-xashak (jami ekin maydonining 2/3 qismi), g’alla ekinlari, Sankt- Peterburg atrofida kartoshka, sabzavot ekiladi. Volga — Boltiqsuv yo’li, oq dengiz—Boltiq kanali, Ladoga va Onega ko’llarida, Neva, Svir va boshqalar. Daryolarda kema qatnaydi. Dengiz portlari — Sankt-Peterburg, Viborg, Kronshtadt (Boltiq harbiy dengiz floti bazasi); Daryo portlari — Sankt-Peterburg, Shlisselburg, Svirisa, Voznesene, Podporoje, Lodeynoe Pole. Leningrad viloyati hududida ko’pgina xlorid-natriyli mineral suvli buloqlar, Fin qo’ltig’i sohili bo’ylab sapropelli balchiqlar konlari joylashgan. Kurort zonalari — Leningrad (tarkibiga Sestroresk kurorti va Zelenogorsk, Solnechnoe, Repino, Komarove, Ushkovo, Serovo, Molodyojnoe, Smolyachkovo kurort joylari kiradi) va Viborg hamda Lujsk kurort rayoni. “Staraya Ladoga” tarixiy-me’moriy va arxeologiya hamda “Monrepo parki” tarixiy-me’moriy va tabiiy muzey-qo’riqxonalari faoliyat ko’rsatadi. Leningrad viloyatida o’zining me’moriy- Park ansambllari bilan mashhur bo’lgan Gatchina, Lomonosov, Pushkin, Petrodvores, Pavlovsk shaharlari bor.