Lub, floema
Lub, floema — o’simliklarning poya va ildizlarida kambiy bilan peritsikl orasida joylashgan (o’tkazuvchi, ya’ni to’rsimon naycha va lub parenxima tolalaridan iborat) to’qimalar kompleksi. Lubning asosiy funktsiyasi — hosil qilingan organik moddalarni tana bo’ylab tarqatish. Lub, ko’pincha, zaxira oziq moddalarning to’planish joyi bo’lib ham xizmat qiladi. Lubning asosiy anatomik elementi — to’rsimon naychalarda moddalar harakatlanadi. Bunday naychalar hujayralari tirik bo’lib, ularda moddalar almashinuvi ro’y beradi. Hujayralar orasidagi to’siqlarda hujayralarni bir-biri bilan bog’lab turadigan elaksimon plastinkalar mavjud. Lubning parenxima hujayralarida zaxira va chiqindi moddalar (kraxmal, oqsil, oshlovchi moddalar, kauchuk, alkaloidlar, efir moylari va boshqalar, shuningdek, mineral tuzlar) qatlami hosil bo’ladi. Lub tolalari qalin pusti cho’ziq hujayralardan iborat bo’lib, mexanik funktsiyani bajaradi. Ular odatda, lub tolalari deb ataladi. Birlamchi va ikkilamchi Lub ajratiladi. Birlamchi Lub, odatda, to’rsimon va lub parenximasidan iborat bo’lib, boshlang’ich tuzuvchi to’qima — prokambiydan vujudga keladi. Birlamchi Lub, asosan, qirqquloqlar, plaunlar, qirq-bo’g’imlar, yopiq urug’lilardan birpallalilarda bo’ladi. Ikkilamchi Lub ko’proq ochiq urug’li va ikki urug’pallali o’simliklarda, birlamchi Lubga qo’shimcha holda vujudga keladi. Ko’p daraxtlarda Lubning eski qismlari yosh qismlaridan ajralib qolib, asta-sekin daraxt po’stlog’iga aylanadi va vaqt o’tishi bilan nobud bo’ladi. Ba’zi o’simliklarda Lub to’qimasi juda rivojlangan bo’lib, qo’shni tuqimalardan osongina ajraladi. Undan pishiq tola olsa bo’ladi. Kanop, jut, zig’ir, nasha va boshqa tolali o’simliklarning po’stloq qismida uzun Lub tolalari joylashgan. Tolalarni ajratib olish uchun o’simliklarning po’stlog’i (masalan, kanop o’simligi po’stlog’i) poyadan mashinalar yordamida shilib olinib quritiladi va Lub zavodlariga topshiriladi. U yerda Maxsus texnologiya bo’yicha ishlanib, tolalar ajratib olinadi.