Lat yeyish
Lat yeyish — teri yuzasining butunligiga zarar yetmasdan turib, yumshoq to’qimalarning mexanik shikastlanishi. Kishini zarb bilan urganda yoki u qattiq joyga yiqilganda lat yeydi. Yengil, o’rtacha va og’ir Lat yeyish kuzatiladi, uning yengil yoki og’irligi mexanik ta’sir qiluvchi jism yuzasining ulchami va ta’sir tezligiga, shuningdek, to’qimaning tuzilishiga bog’liq. Ko’pincha teri va teri osti yog’ qatlami, muskullar, suyak pardasi, boldirning oldingi qismi, kalla suyagi gumbazi lat yeydi. Shikastlangan joyda og’riq va shish paydo bulishi Lat yeyishning asosiy belgisi hisoblanadi. Shish kattalashib, atrofga tarqalgan sari og’riq kuchayishi mumkin. Lat yeyish hayot funktsiyalarining vaqtinchalik buzilishiga sabab bo’ladi, masalan, kukrak qafasi qattiq lat yeganda nafas olish qiyinlashadi. Boshning Lat yeyishi miya chayqalishiga olib keladi yoki quyilgan qon miyani ezib qo’yadi. Qorin lat yeganda jigar va ichak yorilishi mumkin. Shikastlangandan so’ng to’qimalarga qon quyilishining oldini olish uchun lat yegan joyga sovuq narsa qo’yish (muz xalta yoki sovuq suvga latta hullab bosish) kerak. Shikastlangan a’zoni qimirlatmay, mahkam qilib bog’lash lozim. Qattiq lat yeganda (bosh, ko’krak qafasi, qorin shikastlanganda) kuchli og’riq paydo buladi, bemorning umumiy ahvoli og’irlashib, boshi og’riydi, ko’ngli aynib, qayt qiladi. Bunda shikastlangan kishini darhol vrachga ko’rsatish lozim.