Lermontov Mixail Yurevich

Lermontov Mixail Yurevich [1814.3(15).10, Moskva — 1841.15(27).7, Pyatigorsk] — rus shoiri. Bolalik chog’lari Penza gubernyasidagi Tarxan (hozirgi Lermontov) qishlog’ida kechgan. 1827 yilda buvisi E.A.Arseneva bilan birga Moskvaga ko’chib borgan va 1828 yilda Moskva universiteti qoshidagi pansionning 4-kursiga o’qishga kirgan. Dastlabki she’rlari, “Cherkeslar” (1828) va “Kavkaz asiri” (1929) dostonlari shu yerda yozilgan. Lermontov pansiondagi 2 yillik tahsilidan so’ng 1830 yilda universitetning ma’naviy-siyosiy bo’limiga o’qishga kiradi. Lermontov talabalik yillarida qator lirik she’rlar, doston va dramalar yozgan (“odamlar va ehtiroslar”, 1930 va boshqalar). 1832 yilda universitetni tark etadi va Peterburgga borib, gvardiya podpraporshchiklari va kavaleriya yunkerlari maktabiga o’qishga kiradi. Mazkur maktabni tugatgach, Lermontov Tsarskoe Seloda joylashgan gusarlar Polkiga yuboriladi (1834). Navqiron gusar ko’p vaqtini aslzodalarning ko’ngilochar davralarida o’tkazib, shu davralardan olgan taassurotlari asosida “Maskarad” dramasi, “Hoji Abrek” romantik dostoni (1835) va boshqa asarlarini yozadi. Lermontov 1837 yilda A.S.Pushkinning fojiali o’limiga bag’ishlab “shoirning o’limiga” she’rini yozadi. Lermontov bu she’rda shoirning o’limida aybdor sanalgan hukmron kuchlarni keskin qoralagani uchun Kavkazga surgun qilingan. Lermontovning Kavkazda bo’lishi uning shoir va rassom sifatidagi ijodiga samarali ta’sir ko’rsatdi. Kavkaz tabiati va tomi elatlar folkloriga mexr qo’ygan shoir shu yerda “oshiq g’arib” (1837) Sharq ertagi, “Zamonamiz qahramoni” (1840) romani va ko’plab rangtasvir asarlarini yaratdi. E.A.Arseneva va shoir V.A.Jukovskiyning sa’y-harakatlari bilan afv etilgan Lermontov 1838 yil yanvarda Peterburgga va aprel oyida esa Tsarskoe Seloda joylashgan gusar polkiga qaytib keladi. Peturburgdagi qizg’in adabiy hayot 30-yillar oxirida Lermontov ijodida erksevarlik yo’nalishining keng qanot yozishiga imkoniyat tug’diradi. “O’ylar”, “Shoir”, “O’zingga ishonma…”, “Payg’ambar”, “Alvido, Rusiya, ey nopok makon” kabi she’rlari, “Mtsiri”, “Demon” (“Iblis”) kabi dostonlari, “Bela” qissasi (hammasi 1839) Lermontov ijodining Kamolot bosqichiga ko’tarilganidan shahodat beradi. Shu kezlarda Frantsiya elchisining o’g’li E.Barant bilan bo’lib o’tgan duel Lermontovning ikkinchi marta Kavkazga surgun qilinishiga sababchi bo’ladi. U Kavkazdagi piyodalar polki tarkibida bir necha harbiy yurishlarda ishtirok etadi. Uning shu vaqtda (1840, oktabr) “Otechestvennie Zapiski” jurnalida e’lon qilgan she’r va dostonlari Peterburgda katta aks-sado beradi. Bundan foydalangan E.A.Arseneva nabirasining Peterburgga ta’tilga kelishiga erishadi (1841, Fevral). Ammo rasmiy doiralardagi o’ziga bo’lgan sovuq munosabatni ko’rgan Lermontov 1841 yil 13 mayda Pyatigorskka qaytib keladi. Shu vaqtda bu yerlarda istirohat qilayotgan bir guruh yoshlar Lermontov bilan zobit N.S.Martinov o’rtasida janjal chiqishiga erishadilar. 13 iyul kuni shoir duelda vafot etadi. Lermontovning xoki Tarxan qishlog’iga olib kelinib, Arsenevlar xilxonasida dafn etilgan (1842 yil 23 aprel). Lermontov shoir, Nosir va rassom sifatida rus madaniyati tarixida faxriy o’rinlardan birini egallaydi. U o’zining eng yaxshi asarlarida erksevarlik va vatanparvarlik g’oyalarini baland pardalarda kuyladi, mustamlakachilik siyosati ulug’rus shovinizmining avj olishiga sabab bo’lishi haqida rus jamiyatini ogohlantirdi, yuksak fuqarolik ideallarini tasdiqladi. Lermontov ijodi O’zbekistonda katta e’tibor qozongan. Shoir hayotining yirik sanalari (1941, 1954, 1964, 1989) munosabati bilan o’zbek matbuoti, teatri va jamoat tashkilotlari Lermontov ijodiga ko’p bor murojaat etdilar. Asarlari Oybek, Shayxzoda, Mirtemir, Usmon Nosir, Asqad Muxtor va boshqalar tomonidan o’zbek tiliga tarjima qilingan. Lermontovning “Maskarad” dramasi O’zbek milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan. Toshkent va boshqa shaharlarda Lermontov nomi bilan atalgan maktab va ko’chalar bor. As: Asarlar, 1-2 j.lar, T., 1955; Sobranie sochineniy, t. 1-4. M., 1964-65. Ad.: Gershteyn E.G., Sudba Lermontova, M, 1964; M.Yu.Lermontov v vospominaniyax sovremennikov, M., 1964; Umarbekova 3., Lermontov i Uzbekskaya poeziya, T., 1973. Naim Karimov.