Livingston

Livingston (Livingstone) David (1813.19.3, Blantayr, Lanark grafligi — 1873.1.5, Chitambo, Zambiya) — Shotlandiyalik sayyoh. Ixtisosi — vrach. Markaziy va Janubiy Afrikani tadqiq qilgan. 1840 yilda London missionerlar jamiyati tomonidan Janubiy Afrikaga yuborilgan. 1841 — 52 yillarda Kalaxari bechuanlari orasida yashab, o’sha yerlarni o’rgandi. 1849 yilda Ngami ko’li va 1851 yilda Linyanti daryosi hamda Kvando (Zambezi daryosi irmogi) daryosi etagigacha yetib bordi. 1853-54 yillarda Zambezi daryosi bo’ylab yurib, Atlantika okeanining Luanda sohillariga chiqdi. 1855 yilda Zambezi daryosining butun oqimini deltasigacha o’rgandi va Yevropalilardan birinchi bo’lib Viktoriya sharsharasini ko’rishga muyassar bo’ldi. 1856 yil mayda Kelimane shahri yaqinida Hind okeani sohiliga etib kelib, materikni kesib o’tishni yakunladi. Buyuk Britaniyaga qaytib, 1857 yilda sayohati haqida asarlarini nashr qildirdi; ushbu sayohati uchun Livingstonni Qirollik geografiya jamiyati oltin medal bilan taqdirladi. Livingston 2-sayohatida (1858-64) Shirva va Nyasa ko’llarini tadqiq etdi. 3-sayohatida (1866-73) Tanganika ko’lini o’rgandi, Bangveulu ko’li va Laulaba daryosini tavsifladi. Og’ir xastalanib, orqaga qaytdi va Tanganika ko’lining Sharqiy sohilida, Ujijida to’xtadi. Bu yerda uni G. Stenli izlab topib, birgalikda Tanganika ko’lining shimoliy qismlarini o’rgandilar va Nil daryosining bu ko’l bilan bog’lanmaganligini aniqladilar. Livingston sayohati vaqtida Bangveulu ko’lidan janubroqdagi Chitambo degan joyda vafot etdi. Jasadi Buyuk Britaniyaga keltirilib, Vestminster abbatligiga dafn etilgan. Sayohati davrida Livingston 1000 dan ortiq punktlarning joylashgan o’rnini aniqladi; birinchi bo’lib Janubiy Afrika relefining ilmiy tavsifini berdi. Zambiyadagi shahar, Sharqiy Afrikadagi tog’lar, Kongo daryosidagi sharshara Livingston nomi bilan ataladi. Livingston insonparvar bo’lgan, qullar bilan savdo qilishga qarshi kurashgan. Shotlandiyada Glazgo shahri yaqinida Livingston memorial muzeyi bor. As: Puteshestviya i issledovaniya v Yujnoy Afrike s 1840 po 1856 gg., M., 1955; Puteshestvie po Zambezi s 1858 po 1864 gg. [3 izd.], M., 1956; poslednee Pu- teshestvie v Tsentralnuyu Afriku (Per. s angl.), M., 1968. Ad.: Adamovich M., Livingston, M., 1939.