Laqay ot zoti

Laqay ot zoti — jaydari ot zoti. Vatani — O’rta Osiyo. Bundan 300— 400 yil muqaddam laqaylar tomonidan mahalliy jaydari mo’g’ul tipidagi ot zotini yovmut, Axaltaka, qorabayir va arabi ot zotlari bilan chatishtirish va uzoq, tanlash asosida yaratilgan. Laqay ot zoti quruq va issiq iqlimga moslashgan. Tog’li hududlarda salt minish, yuk tashish, aravaga qo’shish, poyga va uloq musobaqalari uchun mo’ljallangan (poygada 1000 metr masofani 1 minut 12,7 sekundda bosib o’tgan). Tana tuzilishi pishiq, ko’krakdor, sag’risi keng, oyoqlari qotma, tusi, asosan, to’riq, ko’k, saman, jiyron, kamdan- kam qora. Tirik vazni 400-450 kilogramm. Ser-pushtligi 85-95%. Laqay ot zoti ayg’irlarining qarchig’ay balandligi 145,7 santimetr, gavdasining uzunligi 150 santimetr, ko’krak qafasi aylanasi 161,8 santimetr, pochasining aylanasi 19 santimetr. 2-3 yoshli toylari poygaga o’rgatiladi. Asosan, Tojikistonda (Hisor tog’ yaylovlari, Yovon Dashti) va O’zbekistonning Denov mintaqasida boqiladi. Laqay ot zoti Dushanba yaqinidagi Sultonobod ot zavodi va respublikadagi maxsus yilqichilik xo’jaliklarida urchitiladi. Ad.: To’raqulov Z. va boshqalar, Yilqichilik, T., 1985. Abdusattor Amirov.