Lashkarak polimetall koni
Lashkarak polimetall koni — Qurama tog’larining shimoliy yon bagarlarida, Lashkaraksoyning yuqori oqimida, Angren shahridan 40 kilometr Janubda joylashgan. O’rta asrda yirik kumush-qo’rg’oshin konlaridan biri bo’lgan. Kon qoldiqlari 1933 yilda topilgan. Konning ustki qismini qadimgi konchilar to’la-to’kis qazib olganlar. Konchilarning temir pona, tosh bolg’a, sopol moychiroqlar kabi asbob va buyumlari, ruda eritish xumdonlarining qoldiqlari topilgan. Konning geologik tuzilishida yuqori toshko’mir davrining traxiandezit-dasitlari va yuqori Perm davriga mansub liparit effuziv formasiyalari ishtirok etgan. Rudali zonalar subvulkan jinslarida va shimoliy-Sharq tomonga yo’nalgan yer yoriqlari atrofida joylashgan. Kondagi ruda, asosan, ikkilamchi minerallar tarqalgan joyda bo’lib, kvars-galenit, kvars-kaltsit-galenit minerallari assotsiasiyasida uchraydi. Ruda tarkibida 80 dan ortiq mineral aniklangan, jumladan, 60 dan ortig’i rudali. Qo’rg’oshin va ruxdan tashqari kumush ham muhim ahamiyatga ega, ayrim joyda sof kumush ham uchraydi. Uning 1 tonna rudadagi miqdori 350 grammdan ortiq, odatda, uning amaldagi miqdori 600-900 g/t dan kam bo’lmasligi lozim. Asosiy ruda elementlaridan tashkari kadmiy, indiy, surma va boshqa nodir metallar ham uchraydi.