Lodz

Lodz — Polshaning Markaziy qismidagi shahar. Lodz voyevodaligining ma’muriy markazi. Aholisi 806,7 ming kishi (1999). Kattaligi va sanoat ahamiyati jihatidan mamlakatda Varshavadan keyin 2-o’rinda. Transport yo’llarining muhim tuguni. Atrofidagi shaharlar bilan Lodz aglomeratsiyasini tashkil qiladi. Lodz mamlakat to’qimachilik sanoati (ip gazlama, kalava ip, movut, shoyi, trikotaj ishlab chiqarish) ning eng yirik markazi. Transformatorlar, elektr bilan harakatlanuvchi mashinalar uchun uskunalar, to’qimachilik stanoklari, rezina va ko’n-poyabzal ishlab chiqariladi. Poligrafiya va oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Universitet, texnika, tibbiyot va boshqa institutlar, teatrlar, muzeylar bor. Lodzga 14-asrda asos solingan. 15-asrdan shahar huquqini olgan. Me’moriy yodgorliklardan ratusha, monastir va boshqalar saqlangan.