Leptomeningit

Leptomeningit (Yunoncha leptos – yumshoq va menings — parda) — bosh miya va orqa miyadagi o’rgimchak to’risimon yumshoq pardalarning yallig’lanishi; meningitga xos alomatlar rivojlanishi, shuningdek, yallig’lanish tufayli orqa miya suyuqligida o’zgarishlar ro’y berishi bilan kechadi. Leptomeningitning o’tkir va surunkali shakli, adgeziv (yopishqoq), gemorragik, yiringli, serozli, kista hosil qiladigan va aralash turlari farq qilinadi. Qaysi soha ko’proq yallig’langaniga qarab, kasallik har xil ko’rinishda bo’ladi: bosh miya asosi Leptomeningitda optoxiazmal soha zararlansa, bir yoki ikkala ko’z xiralashadi yoki ko’r bo’lib qoladi. Interpedunkulyar soha zararlanganda esa ko’z soqqasi harakati o’zgarib, ko’zga narsalar qo’shaloq ko’rinadi yoki ko’z yumilib qoladi va hokazolar.