Loladaraxt, Liriodendron
Loladaraxt, Liriodendron (Liriodendron) — magnoliyadoshlar oilasiga mansub, bargi to’kiladigan daraxtlar turkumi. 2 turi (L.tulipifera shimoliy Amerikada va L.chinense Markaziy Xitoyda) bor. Loladaraxt tulipiferaning bo’yi 60 metrcha, diametri 3,5 metrcha. Po’stlog’i kulrang yoki qizg’ish-qoramtir. May — iyunda gullaydi (gullari Lolaga o’xshagani uchun Loladaraxt deyiladi). Po’stlog’ida oshlovchi moddalar bor. Yog’ochining xususiyatlari teraknikiga yaqin. Mebel, musiqa asboblari, Radiopriyomniklar tayyorlashda, qishloq xo’jalik mashinasozligida, qog’oz sanoatida ishlatiladi. O’zbekistonda manzarali o’simlik sifatida o’stiriladi. O’zbekistonning Toshkent, Andijon, Farg’ona, Samarqand va boshqa shaharlarida Loladaraxtning keksa va yosh tuplari bor. Loladaraxtni urug’idan ko’paytirish usullari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Botanika ishlab chikarish markazining Botanika bog’ida ishlab chiqilgan.