Librevil

Librevil — Gabon poytaxti. Mamlakatning yirik sanoat markazi va dengiz porti. Estuariy provintsiyasining ma’muriy markazi. Mamlakatning shimoliy-g’arbiy qismida, Gabon buxtasi sohilida joylashgan. Iqlimi ekvatorial iqlim; eng sovuq oy (iyul)dagi temperatura 24°, eng issiq oy (aprel)da 27°. Yiliga o’rtacha 2648 mm yog’in yog’adi. Aholisi 362 mingdan ziyod kishi (1990-yillar o’rtalari). Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Librevilga 1849 yilda Portugaliyaning qullar tashiladigan kemasidan ozod bo’lgan afrikalik-qullar guruhi tomonidan asos solingan (nomi ham shundan kelib chiqib, Fransuz tilida “Erkin shaqar” degan ma’noni anglatadi). 1886-88 yillarda gabon frantsuz mustamlakasi gubernatori qarorgohi; 1888-91 yillar Gabon-Kongo frantsuz mustamlakasining, 1891 — 1904 yillar Frantsiya Kongosining ma’muriy markazi. 1960 yildan mustaqil Gabon poytaxti. Taxta tlish va yog’ochsozlik (faner ishlab chiqarish) sanoati korxonalari, shuningdek, yengil (to’qimachilik, poyabzal, mebel) va oziq-ovqat (kofe, sholi oqlash, tamaki qayta ishlash) sanoati; elektr va radio jihozlari ishlab chiqariladi, kema verfi bor. Neft, yog’och-taxta, faner, kofe, kakao eksport kilinadi. Shaharning Markaziy qismida Prezident saroyi, Milliy Majlis, o.Bongo nomidagi universitet, Radio va televidenie uyi, savdo muassasalari kabi ko’plab zamonaviy binolar, Librevil yaqinida chuqur suvli Ovendo porti qurilgan.