Liverpul
Liverpul — Buyuk Britaniyaning g’arbiy qismidagi shahar. Mersisayd grafligining ma’muriy markazi. Mersi daryosining Irlandiya dengiziga quyilish joyida. Aholisi 474 mingdan ziyod kishi (1990-yillar oxiri). Liverpul — transport yo’llarining yirik tuguni. Londondan keyin 2-o’rindagi port. Liverpul porti orqali chetga mashinalar, to’qimachilik, kimyo va neft mahsulotlari chiqariladi; chetdan oziq-ovqat, rangli metallar, temir rudasi va boshqalar keltiriladi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Sanoati, asosan, port va unga xizmat ko’rsatuvchi sohalar bilan bog’liq. Kemasozlik, kema tuzatish, oziq- ovqat, rangli metallurgiya, rezina, kimyo, poligrafiya, elektronika, avtomobilsozlik, aviatsiya, neftni qayta ishlash korxonalari bor. Liverpulda jamg’arma va tovar (paxta, don, meva) birjalari mavjud. Liverpul birjasida O’zbekiston paxtasi ham sotiladi. Liverpul qo’lyozmalarda 1911 yildan tilga olingan. 1207 yildan shahar maqomini olgan. 13-asrdan port, 17-asr 2-yarmidan Liverpul Angliyaning Amerika va Vest-Indiyadagi mustamlakachilari bilan keng miqyosda savdo aloqalari olib borgan. 19-asrda Liverpul Angliyaning chetdan paxta keltiradigan va chetga ip gazlama chiqaradigan eng katta porti. Me’moriy yodgorliklaridan ratusha (18-asr), Sent-Jorj-Xoll zali (19- asr), Angliya banki binolari, soborlar saqlangan. Uoker badiiy galereyasi, universitet (1903) bor.