Lins

Lins — Avstriyadagi shahar. Yuqori Avstriya yerining ma’muriy markazi, yirik sanoat shahri. Temir yo’l va avtomobil yo’llari tuguni, Dunay daryosidagi port. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Aholisi 188 ming kishi (2000). Linsda mamlakatda eng yirik “Fyost” metallurgiya kombinati qurilgan. Mashinasozlik, elektronika, kimyo, oyna-shisha, qog’oz, to’qimachilik, oziq-ovqat sanoati rivojlangan. Oliy o’quv yurtlari, konservatoriya, muzeylar bor. Me’moriy yodgorliklaridan 16-20-asrlarda qurilgan yangi va eski soborlar, imperator saroyi va boshqalar saqlangan.