Leysek Vyacheslav Vyacheslavovich
Leysek Vyacheslav Vyacheslavovich (asl ismi Frantishek Vaslav; 1857, Chexiya — 1935, Toshkent) — harbiy Kapel-Meyster, kompozitor. Praga konservatoriyasini tugatgach, Turkistonga kelib harbiy kapelmeyster bo’lgan (1878). O’sha davrdayoq Markaziy Osiyo xalqlari kuylarini to’plash va puflama cholg’ular orkestri uchun qayta ishlashga kirishgan. Leysek yaratgan “Osiyocha Popurri” (1890) chet ellarda (1891, Chexiyada) ijro etilgan birinchi o’zbek ohanglariga asoslangan kompozitorlik asarlaridan. 1918 yilga qadar Toshkentdagi “lira” xor jamiyati, “Turkiston musiqa jamiyati”ni boshqargan. 1920— 30 yillarda Toshkent musiqa texnikumida o’qituvchilik, “Matbuotchilar” klubida torli cholg’ular orkestriga rahbarlik qilgan. 50 yillik ijodiy faoliyati davomida o’zbek, qozoq, qirg’iz, tatar va boshqa xalqlarning kuy va qo’shiqlarini to’plagan, ayrim o’zbek kuylarini (“Rajabiy”, “Munojot”, “boljuvon” va boshqalar) puflama cholg’ular orkestri uchun qayta ishlagan.