Lenta

Lenta (lotincha linteus — zig’ir tola, polotno) — 1) to’qimachilikda turli to’qimachilik materiallari (yigirish sanoati uchun mo’ljallangan xom ashyo, ensiz xom mato)ning nomi; 2) to’qima Lenta turli tolalardan maxsus to’quv dastgohlarida tasma ko’rinishida tayyorlanadi. Ayollar ko’ylagi, shlyapalar va boshqalarni bezash, ordenlar uchun ishlatiladi, sochga taqiladi; 3) geodezik Lenta — eni 12 -20 millimetr, uzunligi 20-50 metr bo’lgan po’lat yoki invardan tayyorlangan uzunlik o’lchanadigan geodezik asbob; 4) Konveyer Lenta — bir vaqtda yuk ko’taruv va tortuvchi organlarning ishini bajaruvchi konveyerning tashkiliy qismi. Rezinalangan matoli va trosli xillari bor. Matoli Lentaning matosi 0,2 — 0,3 mm qalinlikdagi ip gazlama va sintetik materiallar (kapron, lavsan, viskoza) dan tayyorlanib 3 dan 10 mm gacha qalinlikda rezina qoplanadi. Eni 100 dan 2400 mm gacha, ba’zan 3600 mm bo’ladi. Trosli Lenta issiq va abraziv materiallarni tashishda ishlatiladi. Trosslarining diametrik 2,1 — 11,6 mm, mustahkamlik chegarasi — 1 santimetr eniga 7-60 kn, eni 800 mm gacha, qalinligi 0,6 — 1,2 mm bo’ladi; 5) izolyatsiya Lenta — smola, lok, moy va boshqa elektr o’tkazmaydigan modda shimdirilgan, bir tomoni yopishqoq ensiz mato. Elektr simlari ulangan va boshqa joylarni o’rashda ishlatiladi; 6) po’lat Lenta — prokatlash stanoklarida eni 600 mm gacha, 0,005 — 4 mm qalinlikda prokatlab olinadigan polosa po’lat. Uglerodli yoki legirlangan po’latdan tayyorlanadi. Shtamp buyumlar, payvand trubalar, soat prujinalari, elektr pechlari va asboblarning qizish elementlari va boshqalar tayyorlashda ishlatiladi.