Leontev Vasiliy Vasilevich
Leontev Vasiliy Vasilevich (1906.5.8, Sankt-Peterburg — 1999.7.2, Nyu-York) — amerikalik rus iqtisodchisi. Leningrad universitetini tugatgan (1925). 1925-1928 yillarda Berlin universitetida o’qib, 1928 yilda Doktorlik ilmiy darajasini oldi. 1931 yilda AQShga ko’chib ketgan. Garvard universiteti (1932-75), Nyu-York universiteti (1975 yildan) professor. Leontev “xarajatlar — mahsulot chiqarish” iqtisodiy tahlil usulini yaratdi. Bu usul AQSh iqtisodiyotining tarmoqlararo balansini tuzishda qo’llanilgan. Uning tadqiqotlarida iqtisodiy tizim ichidagi o’zaro bog’lanishlarni o’rganish asosiy yo’nalishni tashkil etadi. “Amerika iqtisodiyoti tuzilmasini o’rganish” (1953), “xarajatlar — mahsulot chiqarish” modelining iqtisodiy tahlili” (1966) asarlarida F.Kene va boshqalarning modellarini kengaytirgan holda iqtisodiy tizimning turli qismlari o’rtasidagi o’zaro bog’liqlikni ko’rsatadigan matematik modellar yaratdi. Leontev o’z modelini AQSh iqtisodiyotini tahlil etishda qo’llab, xalqaro savdo va tabiiy resurslar iqtisodiyoti sohasida muhim natijalarga erishdi. Leontev usuli mamlakat iqtisodiyotini prognozlash va rejalashtirishda, hukumatlar uchun o’zlari yuritayotgan investisiya, soliq, tashqi savdo siyosati, harbiy xarajatlar va b.ning xalq xo’jaligiga ta’sirini baholashda muhim dastak bo’lib xizmat qiladi. Leontev iqtisodiyotda matematik metodlar va modellarni qo’llash, xalqaro savdo, K.Marks va J.Keyns nazariyalari tahlili, indekslarni tuzish, talab va taklif mexanizmi, iqtisodiy tsikllar va boshqa muammolar ustida ham tadqiqotlar olib borgan. Nobel mukofoti laureati (1973). As: Issledovanie amerikanskoy ekonomiki, M., 1958; Budutshee mirovoy ekonomiki, M., 1979; Ekonomicheskie esse. Teorii, issledovaniya, fakti, politika, M., 1990.