Libknext nomidagi namuna ish maktabi
Libknext nomidagi namuna ish maktabi – O’zbekistondagi dastlabki tajriba-namuna maktabi. Toshkentlik pedagog V. F. Lubensov boshchiligidagi muallimlar tashabbusi bilan 1918 yil Toshkent viloyatining Yalang’och qishlog’ida sobiq rus bilim yurti binosida ochilgan. Yangi turdagi mehnat maktabi sifatida tashkil etilib, turli millatga mansub yetim o’g’il I va II bosqichli bo’lgan. Uning qoshida maktabgacha yoshdagi bolalar uyi ham bo’lgan; undagi bolalar soni 300 ga yetgan. 1921 yildan bu o’quv yurti tajriba namuna ish maktabiga aylantirilib, Germaniya KP asoschilaridan (1918) biri K. Libknext nomi bilan atalgan. Maktabda ta’lim ijtimoiy foydali mehnat bilan bog’lab olib borilgan. Uning ixtiyorida katta ekin maydoni bo’lib, o’quvchilar dehqonchilikka oid tajribalar o’tkazish bilan shug’ullanganlar. 1925 yildan o’zbek sinflari ham tashkil etilgan. Maktabda V.F.Lubensov (mudir), A. Rustamov, N.P. Arxangelskiy, R. Mansurov, V. Usmonov, A. Inog’omov, F. To’raxo’jayev kabi o’qituvchilar ishlagan. Ular o’zbek va rus maktablari uchun o’quv dasturi va qo’llanmalarini tuzishgan. Mazkur maktabning ish tajribasi respublika maktablari o’rtasida ommalashtirilgan va maktab “Sharq durdonasi” deb baholangan. maktabni tugatganlar orasida olimlar Yo. X. To’raqulov, M. Yu. Lobashev, rassom L. Abdullayev va boshqalar bor. Maktab 1931 yil 17 apreldan ikki yillik pedagogika texnikumiga aylantirilgan.