Og’axon
Og’axon — ismoiliylarning nizoriylar firqasi boshlig’ining unvoni. 19-asrning 1-yarmidan shu nom bilan atash odatga aylangan. Nizoriylar firqasining hozirgi imomi, Ali va Fotimaning avlodi hisoblanadigan Karim shoh Og’axon unvonini olgan kishilarning to’rtinchisidir. U 1957 yil imomatni qabul qilgan. Uning Hindiston va Keniyada joylashgan qarorgohidan tablig’chilar jo’natib turiladi, bu tablig’chilar nizoriylar ta’limotini (ayniqsa, Afrikada faollik ko’rsatib) targ’ib qilish bilan shug’ullanadilar. Hozirgi vaqtda nizoriylar jamoasi (ba’zi mamlakatlarda ularni ho’jalar yoki Og’axoniylar deb atashadi) Osiyo va Afrikaning 20 dan ortiq mamlakatida (xususan, Afg’oniston shimoli — Badaxshonda) mavjud.