ARAB MUHAMMADXON
ARAB MUHAMMADXON (16-asrning 2-yarmi – 1623) – Xiva xoni (1602- 23). Xorazm xoni Hoji Muhammadxon (Hojimxon) (1598-1602) ning kenja o’g’li. Otasi hayotligida Xiva hokimi bo’lgan. Otasi vafotidan so’ng 1602 yil xonlik taxtiga chiqqan. Abulg’oziy Bahodirxonning yozishicha, uning davrida Xiva xonligiga yoyiq kazaklari ataman Aborkin (1602) va ataman Nechay boshchiligida (1603) bostirib kirib yurtni va poytaxt Urganchni talon-taroj etganlar. 1620 va 1621 yilda qalmoqlar Xorazmga yurish qilib, kishilarni asirga olganlar. Uning davrida ichki nizolar avj olib, xonlikning ma’muriy tuzilishiga salbiy ta’sir etgan. Chunonchi, har bir Shahzodaning o’z yerida shaxsiy idora apparati — o’z a’yonlari, xazinasi, yasovullari, bojxona xizmatchilari va boshqalar bo’lgan. 1623 yilda o’g’illari Habash va Elbars sultonlar taxt talashib unga qarshi urush boshladilar. Bu urushda Arab Muhammadxon yengilib, Qum qal’aga qamalgan va o’sha yerda vafot qilgan. Arab Muhammadxon mamlakat obodonchiligiga katta e’tibor bergan, chunonchi u Arab Muhammadxon madrasasini qurdirgan va To’q qal’a yonida kanal qazdirgan.