Veterinariya, veterinariya tibbiyoti, baytariya

Veterinariya, veterinariya tibbiyoti, baytariya (lotincha Veterinaries — hayvonlarni parvarish qiluvchi, hayvonlarni davolovchi) — hayvonlar kasalliklarini o’rganuvchi fanlar majmui hamda hayvonlar kasalliklarining oldini olish va ularni yo’qotish, aholini odam va hayvonlar uchun umumiy bo’lgan kasalliklardan muhofaza qilishga qaratilgan tadbirlar tizimi. Veterinariya shartli ravishda 3 guruhga ajratiladigan fanlarni o’z ichiga oladi: veterinariya – biologiya fanlari — hayvonlarning sog’lom va kasal organizmlari tuzilishi va hayot faoliyatini, kasallik qo’zg’atuvchilarini, dori moddalarining organizmga ta’sirini o’rganadi (hayvonlarning normal va patologik anatomiyasi, fiziologiyasi, hayvonlar biokimyosi, Veterinariya mikrobiologiyasi, virusologiya, mikologiya, fiziologiya va boshqalar); klinik fanlar — hayvonlar kasalliklarini, ularni aniqlash usullarini, kasalliklarning oldini olish va ularni bartaraf etishni o’rganadi [epizootologiya va infektsion kasalliklar, parazitologiya, invazion kasalliklar, ichki yuqumli bo’lmagan kasalliklar, xirurgiya, akusherlik va ginekologiya (sun’iy qochirish bilan birga) va boshqa veterinariya-sanitariya fanlari — hayvon organizmiga tashqi omillar ta’sirini, hayvonlar yashaydigan muhitni yaxshilash muammolarini (zoogigiena), shuningdek hayvonlardan olinadigan mahsulotlar va xom ashyo sifati masalalarini o’rganadi (Veterinariya sanitariyasi, Veterinariya – sanitariya ekspertizasi). Veterinariya zootexnika, biologiya, kimyo va boshqa fanlar bilan chambarchas bog’liq. Veterinariya mutaxassislari olib boradigan tadbirlar (Profilaktika, davolash, epizootiyaga qarshi kurash, veterinariya-sanitariya tadbirlari) chorvaga kasalliklar etkazadigan zarar hajmini qisqartirish imkoniyatini yaratadi, chorva bosh sonini saqlab qolishni va chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni ko’paytirishni ta’minlaydi. Hayvonlar va odam uchun umumiy bo’lgan kasalliklarga qarshi kurash, hayvonot mahsulotlari sifatini nazorat qilish odamlarning kasalliklarga chalinishini kamaytirishga yordam beradi. Odamlar hayvonlarni qo’lga o’rgatgan va ulardan xo’jalik maqsadlarida foydalangan davrdan boshlab hayvonlarni davolab ham kelganlar. O’zbekistonda keng tarmoqli Veterinariya muassasalari va tashkilotlari, ilmiy tadqiqot institutlari va stansiyalari, Veterinariya bo’yicha mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o’quv yurtlari va texnikumlari tashkil etilgan. O’zbekistonda Veterinariya vrachlari Samarqand qishloq xo’jalik institutida tayyorlanadi (1929 yildan). Veterinariya sohasidagi ilmiy tadqiqot ishlari O’zbekiston veterinariya instituti (Samarqand viloyati) da olib boriladi. Respublikadagi bir qator qishloq xo’jalik kollejlarida o’rta maxsus ma’lumotli Veterinariya mutaxassislari tayyorlanadi. Respublikada Veterinariya fani rivojiga G. I. Skryabin, M. A. Sultonov, J. Azimov, N. V. Badanin, E. H. Ergashev, N. M. Matchonov, R. X. Xaitov, B. S. Salimov, M. Aminjonov, Sh. Azimov, A. O. Oripov, T. Q. Qobilov, O. M. Mavlonov, A. L. Ro’zimurodov, Z. N. Norboev, J. Shopo’latov, S. I. Voxddov, Sh. I. Ibragimov, X. Z. Ibragimov, Sh. T. Rasulov, D. X. Narziyev, F. X. Majidov va boshqa katta hissa qo’shdilar. Respublikada Veterinariya ishlariga umumiy rahbarlikni Qishloq va suv xo’jaligi vazirligining Veterinariya bosh boshqarmasi olib boradi. Veterinariya vazifalari, Veterinariya xizmatini tashkil etish asoslari, Veterinariya mutaxassislarining huquq va burchlari O’zbekiston Respublikasining “Veterinariya to’g’risida” qonunida (1993 yil 3 sentabr) belgilab berilgan. Ad.: Veterinariya vrachlari uchun qisqacha spravochnik, T., 1968; Shopo’latov J., Veterinariya asoslari, T., 1993. Muboshir Musayev.