ABAQA

ABAQA, Abaqaxon (1234.3, Mo’g’uliston — 1282.1.4, shaxu) — Elxon, hulokuiylardan bo’lgan Eron hukmdori (1265-82). Eronga 1256 yil otasi Huloku bilan birga kelgan. Otasi vafotidan so’ng Elxon etib saylangan, lekin ulug’ qoon Xubilay tomonidan faqat 5 yildan so’nggina tasdiqlangan. Misr mamluklari bilan olib borilgan urushni besamara davom ettirgan. 1266 yil Abaqa Shimoldan Dashti Qipchoqdan bo’ladigan hujumni qaytarish maqsadida kura daryosining shim. qirg’og’ida mudofaa devori bunyod etishga buyurgan; Kavkaz xalqlari uning vaziri Shamsiddin tomonidan 1278 yil tobe ettirilgan. Umumiy dushmanni bartaraf qilish uchun Abaqa mamluklarning dushmanlari bo’lgan yevropalik xristianlar bilan aloqa bog’lashga uringan; uning elchilari 1274 yil Lion, 1277 yil Rimda bo’lgan. Yevropada bu sa’y-harakatlar xursandchilik bilan qabul qilingan. Abaqa Angliya qiroli Eduard I (1274) va papalar Klement IV (1267), Grigoriy X (1274) va Nikolay III (1277) lardan noma olgan. Abaqa 1265 yil yunon malikasiga uylangan. Biroq Misrga qarshi umumiy yurish amalga oshmagan. Mamluklar kichik Osiyoning bir qismini qisqa muddatga bosib olishga erishganlar (1277) va Elbiston yonidagi jangda mo’g’ul qo’shinini tor-mor qilganlar. 1280 yil mo’g’ullar Suriyaga bosib kirib Halabni vayron etishgan. Biroq 1281 yil Abaqaning ukasi mangu Temur xama va Xims oralig’ida mamluklardan qattiq zarbaga uchragan. Abaqa qo’shinlari Sharqda aksincha muvaffaqiyatli kurash olib borganlar. 1270 yil mamlakatga bostirib kirgan Baroq boshchiligidagi Chig’atoy ulusi qo’shinlari Hirot yaqinida tor-mor etilgan. Bunday bosqinlarga barham berish uchun Abaqa 1273 yil Movarounnahrdagi tartibsizliklardan foydalanib Buxoro sh.ni vayron qilishni buyurgan. Ad.: Bartold V.V., Abaka, Sochineniya, t.7, M., 1971.