ABDSURD DRAMA

ABDSURD DRAMA-absurd teatr, g’ayrimantiqiy teatr — dramaturgiyadagi oqimning shartli nomi. 50 — 60-yillarda oqim tarafdorlari inson hayoti ma’nosiz, mavhum degan nuqtai nazarni ilgari so’radi. Ular fikricha, inson hatto nima uchun yashayotganini ham anglab etolmaydi, u doimo yolg’on burch, yolg’on axloq, yolg’on munosabatlar qurboni bo’laveradi. Absurd Drama asoschisi va nazariyotchisi S. Bekketning “Godoning kutilishi” (1952) fojiali komediyasida Vladimir va Estragon tashlandiq yo’lda uchrashib qolishadi, asar davomida ikkalasi ham Godoni kutib o’tirishadi. Asarda boshqa voqea yo’q. Godo balki boylikdir, balki baxtdir, balki o’limdir? Asarda bu haqda hech narsa deyilmaydi, undan chiqadigan xulosa shuki, inson hayoti ham Godoni kutish kabi yolg’on, mavhum, ma’nisiz, umidlarga to’la. Uzoq vaqt Absurd Drama namoyandalari asariga quruq safsata deb qarab kelindi, biroq 70-yillarga kelib, ular davr oldiga qo’ygan muammolar dolzarb ekanligi ayon bo’ldi. Absurd Drama oqimi teatr, dramaturgiyaga sahna shart degan tushunchani olib kirdi, uni nazm va nasrdagi ilg’or an’analar bilan moslashtirdi, teatr, sahna haqidagi tasavvurlarni bir qadar yangiladi, unga zamonaviylik bag’ishladi.