Abdulloh Nadim

Abdulloh Nadim – to’liq ismi Abdulloh ibn Misboh Ibrohim al-Idrisiy an-Nadim (1845, Misr-1896, Istanbul)-misrlik jamoat arbobi, ma’rifatparvar, mutafakkir. Arablar ozodlik harakatining namoyandalaridan biri. Qohiradagi Al-Azhar universitetida o’qigan. 80-yillarda Abdulloh Nadim taraqqiyparvar ziyolilar bilan birgalikda inglizlar asoratiga qarshi kurashda faol qatnashgan, jurnallar nashr etgan. Islomning axloqiy ta’limotiga asoslangan ijtimoiy tenglik va adolat g’oyalarini targ’ib qilgan. Bir qancha vatanparvarlar qatori Abdulloh Nadim ham o’lim jazosiga hukm qilingan, lekin u qochib, 9 yil muhojirlikda ta’qib ostida yashagan. Abdulloh Nadim 20 dan ortiq asar yozgan. Ular orasida “Sulofat an-nadim fi muntaxabat As-Sayyid an-Nadim ibn Misboh” (“An-Nadim ibn Misboh tanlangan asarlarida do’st uchun shirin may”), “Honi an-Nadim” (“Nadimning nolalari”) kabilar, ayniqsa, mashhur. Umrining oxirgi yillarini Istanbulda o’tkazgan.