ABDUMALIKOV
ABDUMALIKOV Shuhrat Ravshanovich (1970.21.1, Samarqand) — teatr rassomi, O’zbekiston Respublikasi san’at arbobi (1999). M. Uyg’ur nomidagi Toshkent san’at institutini tugatgan (1995). 1991 yildan rus yosh tomoshabinlar teatri (hozirgi O’zbekiston yoshlari teatrida, 1997 yildan A. Hidoyatov nomidagi teatrda bosh rassom. Rus yosh tomoshabinlar teatri (“Sohil bo’ylab chopayotgan Olapar”, 1993, Ch. Aytmatov asari asosida; “Alvongul” ertak spektakli, 1993 va boshqalar) hamda A. Hidoyatov teatri (“Navro’za”, 1998 va boshqalar) spektallari uchun asar ruhiga mos sahna bezaklari yaratdi. Abdulmalikovning badiiy mahorati ayniqsa “Sharq taronalari” 1 — 2 xalqaro musiqa festivallari (1997, 1999) ga yaratgan sahna bezaklarida namoyon bo’ldi. Toshkent san’at instituti (1995 yildan), hozirgi Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn institutida (1997 yildan) katta o’qituvchi.