ABDURAHMONOVA

ABDURAHMONOVA Dilbar G’ulomovna (1936.1.5, Moskva) — dirijyor. O’zbekiston xalq artisti (1969), G’. Abdurahmonovning qizi. R. Gliyer nomidagi musiqa maktabini (1945-55), Toshkent davlat konservatoriyasini tugatgan (1960). 1957 yildan Navoiy teatri simfonik orkestrida skripkachi, 1960 yildan dirijyor, 1974-1990 yillarda bosh dirijyor. Ilk bor J. Verdining “Aida” operasiga dirijyorlik qilgan. Repertuarida o’zbek va chet el kompozitorlarining opera va baletlari mavjud. 70 – yillarda asosan, balet spektakllari dirijyori sifatida Shuhrat qozondi. “Oqqush ko’li” (P. Chaykovskiy), “Boqchasaroy favvorasi” (B. Asafev), “Jizel” (A. Adan), “Spartak” (A. Xachaturyan), “Sevgi tumori” (M. Ashrafiy), “Semurg'” (B. Brovsin), “Tanavor” (A. Kozlovskiy) va boshqalar shular jumlasidan. Abdurahmonova 70 – yillarning oxiri — 80 – yillarda “Masxarabozlar” (R. Leonkavallo), “Bo’ron” (S. Vasilenko, M. Ashrafiy), “Hayotbaxsh o’lim” (A. Xolminov), “Olovli farishta” (S. Prokofev), “Otello” (J. Verdi) va boshqa operalarni to’liq tahrirda sahnalashtirdi. Kasbiy mahorat, musiqa dramaturgiyasini ishonarli ochib berish Abdurahmonova ijodiga xos. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti laureati (1973).

ABDURAHMONOVA Salomat (1944.11.1, Turkmaniston, Karki shahri) — O’zbekiston Respublikasi xalq o’qituvchisi (1996). ToshDUning geografiya fakultini tugatgan (1962). Mehnat faoliyatini 1962 yildan Surxondaryo viloyati sayyohlik markazida metodistlikdan boshlagan. 1965 yildan Yakkabog’, G’uzor tumanidagi maktablarda bosh tarbiyachi, o’qituvchi. 1982 yildan Chiroqchi tumanidagi 1-maktabda o’qituvchi, 1993 yildan ma’naviyat va ma’rifat ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari. Abdurahmonova maktabda “Ekologiya va salomatlik”, “Tabiat in’omlari” ko’rik tanlovlarini tashkil etgan va uning o’quvchilari viloyat miqyosida faxrli o’rinlarni egallagan.