Abdurazzoq Samarqandiy
Abdurazzoq Samarqandiy – to’liq ismi Kamoliddin Abdurazzoq ibn Jaloliddin Isxoq Samarqandiy [1413.07.11 (hijriy 816. 12-sha’bon)-1482 (hijriy 887), Hirot]-taniqli davlat arbobi, olim. Dastlabki ta’limni Hirotda olgan. O’z davrining zirolilari bo’lgan otasi va akalari Abdulg’affor, Abdulqahhor, Abdulvahhoblar ko’magida tafsir, hadis, fiqh, tarix hamda adabiyot fanlari bo’yicha chuqur bilim olgan. Hayotining ko’p davri Samarqandda o’tgani uchun Samarqandiy nisbasini olgan. Abdurazzoq Samarqandiy arab tili grammatikasiga bag’ishlangan “Risolai Azudiya”ga sharh yozgan. 1737-38-yilda otasi vafotidan so’ng, 24 yoshida temuriylar saroyiga xizmatga olingan. 50 yoshiga qadar avval Shoxrux, keyin Mirzo Abulqosim Bobur (1452-57), Sulton Abu Sa’id (1451-69) va boshqa shahzodalar saroyida davlat ishlari bilan band bo’lgan. “Matla’ as-sa’dayn va majma’ al-bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqish va ikki dengizning qo’shilish joyi”, 1467-70) asarini yozgan. Fors tilida yaratilgan bu asar 2 jildli bo’lib, Movarounnahr va O’rta Sharq mamlakatlarining 14-15-asrlarga oid tarixiy ma’lumotlarni o’zida jamlagan. Asarda uning 15-asr 1-yarmida temuriylar davlati bilan Rum (Kichik Osiyo), Misr, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar o’rtasida diplomatik aloqalarda elchi sifatida to’plagan ma’lumotlari keltirilgan. Asarning tanqidiy matni ilmiy izohlar bilan 1960 va 1969 yillarda Toshkentda bosilgan, 2008 yilda qayta chop etilgan. 1463 yilda Abdurazzoq Samarqandiy o’z iltimosiga ko’ra, davlat ishlaridan ozod etilib, Hirotdagi Shohruxiya xonaqohiga shayxlik vazifasiga tayinlangan.