Abduxoliq G’ijduvoniy
Abduxoliq G’ijduvoniy – Xoja Abduxoliq ibn Abduljamil G’ijduvoniy (1103-G’ijduvon-1179) – xojagon-naqshbandiylik tariqatining asoschisi va nazariyotchilaridan biri. Buxorolik 7 pirning birinchisi. Xojai Jahon nomi bilan ham mashhur. Imom oilasida tug’ilib, islomiy tasavvur va urf-odatlar muhitida tarbiya topgan. 22 yoshida Buxoroga kelib, Yusuf Hamadoniyning muridi bo’lgan. U zohidlikda yashashni, shariat ko’rsatmalari, Muhammad (s.a.v.) sunnatlariga qat’iy amal qilishni targ’ib etgan. Abduxoliq G’ijduvoniy butun hayotini Alloh yo’liga bag’ishlab, farz va sunnat amallarini bajarib, ibodatu riyozat bilan mashg’ul bo’lgan. Yusuf Hamadoniyning sufiylik ta’limotini zikri hufiya (maxfiy, fikriy zikr) bilan boyitgan hamda xojagon tariqatining 8 rashxa (qonun-qoida)sini shakllantirib bergan. Bu rashxalar har nafasni zoye ketkazmaslik, har qadamni to’g’ri bosish, azizlarning xizmatida bo’lish, har bir ishda Haq taoloni yoddan chiqarmaslik, tildan qo’ymaslik, niyatda mustahkam bo’lish kabilardir. Uning ta’limoti naqshbandiylik tariqatiga asos bo’lgan. Bahouddin Naqshband uning axloqiy talablariga yana 3 talab qo’shgan. Abduxoliq G’ijduvoniyning “Vasiyatnoma” risolasi Toshkentda 1993 yil chop etilgan. Yodgorlik majmui qayta ta’mirlangan. Uning G’ijduvon shahridagi qabri tabarruk ziyoratgoh hisoblanadi. Bizgacha “Risolayi odobi tariqat”, “Risolayi sohibiya”, “Vasiyatnoma” va boshqa asarlari yetib kelgan. 2003 yilda Abduxoliq G’ijduvoniyning 900 yillik yubileyi nishonlangan.