Abjad
Abjad – 1) qadimgi arab alifbosi tarkibidagi harflardan tuzilgan va har qaysi harfning son qiymatini eslab qolish uchun yasalgan 8 ta so’zning birinchi va shartli umumiy nomi. Bu so’zlar: abjad, havvaz, xutti, kalaman, sa’fas, qarashat, saxxaz, zazag’. Aslida, arab harflarining mazkur tartibi finikiy va oromiy harflaridan kelib chiqqan bo’lib, ular muayyan sonlarni ifodalaydi. Finiky-oromiy alifbosida 400 dan keying sonlarni ifodalash uchun tav (400) harfiga boshqa harflar qo’shilgan. Masalan, tavfoq (500), tavresh (600), tavshin (700), tavtav (800), tavtavqof (900) va hokazolar. Arablar esa mazkur 8 ta so’zning oldingi 6 tasini 22 harfdan iborat finikiy-oromiy alifbosida tuzib, harflarning son ifodasini 1000 ga yetkazish uchun finikiy-oromiy alifbosida bo’lmagan 6 ta arab harflaridan Abjadning keyingi ikki so’zini (saxxaz, zazag’) yasagan. Harflarni sonlar va sonlarni harglar bilan ifodalash Abjad va jimal hisobi ismlari bilan atalib, qadimgi vaqtlarda sonlarni, masalan, ko’paytirish jadvalini yodlashni osonlashtirgan. Bundan tashqari, Sharq, shu jumladan, o’zbek mumtoz adabiyotida biror muhim hodisaning sanasini esda tutishni osonlashtirish uchun sonlar harflar bilan ifodalangan. O’zbek adabiyotida Abjaddan maxfiy yozuvlar yozishda ham foydalanilgan. O’zbek mumtoz adabiyotida Abjad hisobi 20-asr boshlariga qo’llanilgan; 2) boshlang’ich, ilk ma’nosiga ham ega; 3) musiqada-Yaqin va O’rta Sharq musiqa ilmida tovush (parda, nag’ma)lar yozilishi va ularning nisbatlari aniqlanishida Abjad tizimidan foydalanilgan.