ABOLITSIONIZM

ABOLITSIONIZM (lot. abolitio – yo’qotish, bekor qilish) — 1) biror qonunga barham berish uchun qilinadigan ijtimoiy harakat; 2) negrlarni qullikdan ozod qilish harakati. Abolitsionizm XVIII asrda AQSH, Fransiya va Buyuk Britaniyada paydo bo’lib, XIX asrning birinchi yarmida avj olgan. AQSHdagi Abolitsionizm jamiyatlari quldorlikka qarshi targ’ibotni kuchaytirdilar. Negrlarni qullikdan ozod qilish uchun boshlangan harakat ishtirokchilari – abolitsionist deb atalgan. Abolitsionizm ziyolilar, fermerlar va ishchilarni birlashtirdi. U 1861-1865 – yillarda AQSHda bo’lib o’tgan fuqarolar urushini tayyorlashda muhim rol o’ynadi. Bu urush natijasida AQSH janubida quldorlikka chek qo’yildi; 3) Buyuk Britaniya, Fransiya va boshqa ayrim mamlakatlarda mustamlakalardagi quldorlikni bekor qilish uchun olib borilgan kurash harakati.