ABU HANIFA DINOVARIY

ABU HANIFA DINOVARIY Ahmad ibn Dovud (taxminan 815 — Eron, Dinovar shahri — 895) — tarixchi, tilshunos, botanik (Xashshob) olim. Abu Hanifa Dinovariy geografiya, astronomiya va matematika bilan ham shug’ullangan. Uning bizgacha yetib kelgan tarixiy asari “Kitob axborit-tivol” (“uzun hikoyalar kitobi”) dir. Unda umumjahon va Eron tarixi (637 yildan 9-asrgacha) ga oid muhim ma’lumotlar bor. Sharqshunos V. F. Girgas tomonidan 1888 yilda rus tilida nashr etilgan. Abu Hanifa Dinovariy “Kitob ushshi’r vashshu’aro” (“She’r va shoirlar haqida kitob”) va “Kitob ul-fasohat” (“Fasohat haqida kitob”) kabi asarlar yozgan. Uning “Kitob fin-nabot” (“O’simlik haqida kitob”) nomli mashhur asari uzoq vaqtlargacha Sharq botanik va tabiblari uchun qo’llanma bo’lgan. Asarning bizgacha yetib kelgan ba’zi bir qismlari B. Levin tomonidan ingliz tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan (1953). Abjad tartibida yozilgan bu kitobda 482 xil o’simlikning xislati bayon qilingan. Muallif har bir o’simlikni ta’riflashda o’z zamonasi shoirlarining shu o’simlik haqidagi she’rlaridan namunalar keltirgan.