ABU HAYYON ANDALUSIY
ABU HAYYON ANDALUSIY Asiruddin Muhammad ibn Yusuf ibn Ali al-G’arnotiy (1256-1334) — tilshunos olim. 65 ta asar yozgan, ularning 10 dan ko’prog’i bizgacha yetib kelgan. “Kitob ulmubayyin Fi tarix il-Andalus” (“Andalusiya tarixi haqida bayon qiluvchi kitob”), “Zahr ul-mulk Fi taharrurit turk” (“Turk ozodligi chechagi”), “Kitob ul-idrok li Lison il-atrok” (“Turkiy tillarni bilish kitobi”), “Kitob ulaf’ol Fi lisonit turk” (“Turk tilidagi fe’llar kitobi”), “Mantiq ul-furs li Lison il-furs” (“Fors tilini bilmaydiganlar uchun fors tili haqida so’zlar”), “Nur ul-g’abash Fi Lison il habash” (“Habash tilidagi qorong’uliklarni yorituvchi nur”), “Ad-Durrat ul-muzi’a Fi lug’atit Turkiya” (“turkiy til haqida nur beruvchi marvarid”) kabi asarlari mavjud. U asarlarida turkiy tillarning grammatikasi va leksikasi, o’sha davrda mavjud bo’lgan ko’pgina turkiy lahja va shevalar haqida ma’lumot bergan. Uning asarlari turkiy tillar tarixini o’rganishda qimmatli manbadir.