Abu Tolib
Abu Tolib – to’liq ismi Abu Tolib Abd Manof ibn Abd al-Muttalib (taxminan 539-Makka-619 yil iyulning 1-yarmi) Muhammad (s.a.v)ning amakilari, hoshimiylar urug’i oqsoqollaridan, savdogar, Muhammad (s.a.v.) yoshlikda ota-onalaridan yetim qolganlarida Abu Tolib o’z panohiga olgan, boqib, tarbiya qilgan. Muhammad (s.a.v.) 12-13 yoshga yetganlarida esa u zotni Busro (Janubiy Suriya) yarmarkasiga olib borgan. Rivoyatlarga ko’ra, nasroniy rohib kurayshiylarga ular orasida payg’ambar borligini bildirgan. Abu Tolib qizi Fotiha (Ummu Xoniy)ni Muhammad (s.a.v.)ga bermasdan, maxzumiy urug’idan bo’lgan Xubayra ibn Abu Vahbga nikohlab bergan. Taxminan 595 yil Abu Tolib maslahati bilan Muhammad (s.a.v.) badavlat beva Xadicha bint Xuvaylidning ish yurituvchisi sifatida savdo karvonidagi mollarini qo’riqlab borganlar va keyinchalik unga uylanganlar. Abu Tolib akasi Az-Zubayr (6-asr oxiri-7-asr) vafotidan so’ng hoshimiylar urug’idan rahbar bo’lgan, biroq Makkaga ziyoratga keluvchilarni boqishdek faxriy majburiyatni ado etishga qurbi yetmagan. Uning boyvochcha ukasi Al-Abbos harajatlarni qoplash uchun 2 marotaba qarz berib turgan, so’ngra Abu Tolibdan faxriy huquqni o’ziga berishni talab qilgan. Abu Tolib shu qadar qashshoqlashganki, qarindoshlari uning kichik bolalarini o’z oilalariga boqish uchun olishgan. Muhammad (s.a.v) Abu Tolibning eng kenja farzandi Ali (k.v.)ni o’z panohlariga olganlar. Muhammad (s.a.v.) islomga da’vat eta boshlaganlarida, makkalik zodagonlar u zotni ta’qib etgan, shunda Abu Tolib jiyanlarini himoya qilib, o’z homiyligiga olgan. Abu Tolib garchi islomni qabul qilmagan bo’lsa-da, yangi dinning tarqalishida muayyan darajada hissa qo’shgan.