ABULABBOS MUSTAG’FIRIY
ABULABBOS MUSTAG’FIRIY (to’liq ismi: Nasafiy Samarqandiy Ja’far ibn Abu Ali Muhammad ibn Abu Bakr) (961-1041, Nasaf) — tarixchi, adib, muhaddis va faqih. Sam’oniyning “Kitob al ansob” asarida yozilishicha, Abulabbos Mustag’firiy bir qancha vaqt Marv, Saraxs, Nishopur, Buxoro va Samarqandda yashagan. 987 yildan Nasaf jome masjidida ma’ruzalar o’qigan. Umrining oxirida Nasafning bosh Imom-xatibi lavozimida bo’lgan. U “kitob tarixi Samarqand”, “Kitob tarixi Nasaf va Kesh” (2 jildlik), “Kitob ushshi’r vash-shuaro” (“She’r va shoirlar haqida kitob”), “Kitob ulvafo” (“Vafo kitobi”), “Kitob Daloil in-nubuvva” (“Payg’ambarlik dalillari”), “Kitob udda’avot” (“Targ’ibotlar kitobi”), “Kitob xutab in-Nabiy” (“Payg’ambar xutbalari kitobi”), “Kitob tibb in-Nabiy” (“Payg’ambar tibbi kitobi”) kabi o’ndan ziyod asarlar yozgan. Uning “Kitob tibb in-Nabiy” asarigina topilib, Tehronda nashr etilgan.