ABULABBOS TUSIY

ABULABBOS TUSIY Fazl ibn Sulaymon (8 – asr) — xalifalikning Xuroson va Seyistondagi noibi (782-786), Amir, Abu Muslim safdoshi. Movarounnahr ham uning nazoratida bo’lgan. Abulabbos Tusiy ko’chmanchi qabilalar hujumidan saqlanish uchun Buxoro bilan Sug’d oralig’ida devor qurdirgan. Har bir farsaxga (1 farsax — 6-7 kilometrga teng) bittadan darvoza, har yarim mil masofada bittadan mustahkam minora barpo etgan. Ba’zi manbalarda (Mas’udiy) Abulabbos Tusiy Buxoroning vayron bo’lgan devorlarini tiklagan, deb yoziladi. Abulabbos Tusiy mamlakat obodonchiligi yo’lida ko’p ishlarni amalga oshirgan.