Adabiy hayot

Temur va Temuriylar davrida Samarqand adabiy hayotning markazi bo’lib qoldi. Bu tasodifiy emas edi, albatta. Bu yerda ilgarigi vaqtlarda ham adabiy nazariyasi bo’yicha asarlar yaratilgan edi. Jumladan, Nizomiy Aruziy Samarqandiy (XII asr) ning “Chor maqola” asarining ikkinchi bobi poetikaning eng muhim problemalariga bag’ishlangan edi. Bu an’ana XIV-XV asrlarda ham davom ettirildi.

Samarqandda O’rta Osiyodagi mashhur filologlarning asarlari katta shuhrat qozongan edi: Yusuf Sakkokiy Xorazmiyning (XIII asr) “Miftoh al-ulum” (“Fanlar kaliti”), Sa’dadin Taftazoniyning (XIV asr) “Miftoh al-ulum” va “Muxtasar al-maoniy” asarlari: Said Sharif Jurjoniyning (XIV asr) poetikaga oid risolalari va boshqa ko’pgina asarlar ma’lum va mashhur edi. Ularning hammasi XV asrda Samarqandda adabiyotshunoslik va badiiy asarlarning paydo bo’lishiga yordam bermay qolmadi: ajoyib olim Salohiddin Muso Qozizoda Rumiy (1360-1429) “Sharhi purra dar “Miftox al-ulum” ba Taftazoniy” (Taftazoniyning “Miftox al-ulum” kitobiga to’la izoh) asari va Ulug’bekning iste’dodli shogirdi-Ali Qushchi Samarqandiyning (1402-1474) “Sharhi “Miftox al-ulumi” Taftazoniy” (Taftazoniyning “Miftox al-ulum” kitobiga izoh) asari, shuningdek, Abdulqosim Samarqaniyning “Risola al-istiorot” (metafora haqida risola), “Risola al-istiorot” (metafora haqida risola), “Risola al-istiorot as-Samarqandiya” (Metaforalar haqida Samarqand risolasi) kabi asarlar bosilib chiqdi.

Ana shu asarlarda xorazmlik olim Zamaxshariy va Abdulqohir Jurjoniylarning adabiy asarlari shakl va mazmunining birligi haqidagi fikrlari, shoir uslubining go’zalligi va nafosati haqida “Almadxal” va “Asror al-balog’a” asarlarida bayon etilgan fikrlari qayd qilindi va yana rivojlantirdi.

Ali Qushchi singari Abulqosim Samarqandiy ham o’z asarlarida metaforaning asl mazmunini va uning turli-tuman shakllarini yoritib berdi, shoir mavlono Yusuf Andijoniy esa muammo (sharada) kabi adabiy janr haqida risola yozdi. Bu asar Alisher Navoiy tomonidan yuksak baholandi.

Mazkur davrning shoirlari adabiy ijodning turli nazariy problemalari bo’yicha yaxshi bilimga ega edi. Bu esa, ayniqsa, klassik poeziyaning yirik vakillari Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning ijodiga ijobiy ta’sir ko’rsatdi.

Samarqandda Alisher Navoiy o’zining adabiyotshunoslik sohasidagi qarashlarini yorqin va chuqur bayon qilib berdi va poeziya qalamkashlarining badiiy asarlarini batafsil analiz qilib berdi.

Navoiy Sharqning buyuk shoirlari – Firdavsiy va Nizomiyning ijodini, ularning epik asarlari “Shahnoma” va “Xamsa”ni yuksak darajada taqdirladi. Alisher Navoiyning ana shu shoirlar to’g’risida aytgan fikrlari uning “Xasbi hol” (“Tarjimai hol”) asarida bayon qilingan. Bu asarda shu narsa yaqqol namoyon bo’ladiki, Navoiy Fazlullo Abullaysiyda (Said Sharif Jurjoniyning shogirdi) – Sharq poetikasini chuqur bilgan mashhur stilistning qo’lida ta’lim olib, fikrning ijodiy ravnaqi, poetic so’zning ravnaqi uchun poeziyaning epik imkoniyatlari naqadar katta ekanligiga qanoat hosil qildi. Navoiy Samarqandda bo’lgan vaqtida “Xamsa” yaratish fikri paydo bo’ldi, ammo uning bu niyati o’sha asrning 80-yillarida Hirotda amalga oshdi.

Ana shu davr adabiyotshunosligida poetikaning muhim problemalari ishlab chiqilibgina qolmay, balki adabiyot tarixi ham o’rganila boshlandi. Samarqandlik Davlatshoh ibn Baxtishod (1494/1495 yillarda vafot etgan) “Tazkirat ash-shuaro” (Shoirlar antologiyasi”ni tuzib, unda X-XV asrlarda yashagan 160 shoir haqida ma’lumot beradi. “Tazkira” muqaddima, yettita asosiy bob va xulosadan iborat edi.  Antologiyaning kirish qismida mashhur arab shoirlari nomi tilga olinadi, yetti bobida esa fors-tojik tilida asarlar yozgan (Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy va boshqalar) shoirlarning tarjimai holi va asarlaridan namunalar keltiradi. Xulosada muallif o’zining buyuk zamondoshlari – Alisher Navoiy, Shayxim Suxaliy va boshqalar to’g’risida gapiradi. Antologiya Sharqdagina emas, balki g’arbda ham keng tarqalgan edi. O’tgan asrda ko’pgina G’arb adabiyotshunoslari X-XV asrlar adabiyot tarixini yoritish vaqtida 1901 yilda Leydenda nashr etilgan Davlatshoh asari ustida to’xtab o’tadi.

Temur va Temuriylar davrida asarlar asosan o’zbek va tojik tillarida yaratilgan edi. Mavlono Sakkokiy, Bisoti Samarqandiy, Javhariy Xo’ja So’g’diy Samarqandiy, Mirzabek, Vasfiy, Riyoziy va boshqa ikki tilni puxta bilgan adabiyot vakillari o’tgan asrlarda yuksak badiiy adabiy asarlar yaratgan kishilarning ilg’or an’analarini davom ettirdilar.

G’azal, ruboiy, qit’a, muammo, masnaviy, qasida va boshqalar adabiyotning asosiy janrlari edi. Ayniqsa, Samarqand adabiy muhitida qasidalarnin ajoyib namuanalri ilk bor o’zbek tilida paydo bo’ldi. Bularning muallifi mavlono Sakkokiy edi. Shoirlarning tug’ilgan yili va tarjimai holiga doir boshqa ma’lumotlar hozircha noma’lum. Sakkokiy uning adabiy taxallusi bo’lib, u hunarmand – pichoqlar oilasidan chiqqanligidan dalolat beradi.

Sakkokiyning bizgacha yetib kelgan to’la bo’lmagan Devoniga ko’ra, shoir o’zbek tilida ajoyib lirik she’rlar (g’azallar va qasidalar) yozgan, chin muhabbat va ajoyib yuksak insoniy fazilatlarni kuylagan. Sakkokiyning ijodi tilning soddaligi, uslubning nafisligi va mazmunning teranligi bilan ajralib turadi. Shoir Mirzo Ulug’bek sharafiga bag’ishlab bir necha qasidalar yozdi.

Salotin dunyoda ko’p keldiyu kechdi seningdek bir,

Falomning gar tili bo’lsa aytsunkim, qachon keldi.

Sakkokiy bu o’rinda haqlidir. Ko’pgina sultonlar hukmronlik qilgan, ammo ularning birortasi ham Ulug’bek singari olim sifatida dunyoga mashhur bo’lmagan edi.

XIV asrning oxiri va XV asrning boshlarida yashagan shoir Bisotiy Samarqandiy (1412/13 yillarda vafot etgan) o’zining lirik asarlarini asosan fors tilida yozgan edi. Uning bu asarlari devon holida to’plangan. Bisotiy Samarqandiyning g’azallari va ruboiylarida shoirning axloqiy qarashlari tarannum etilgan. Bisotiyning lirikasi o’z davrida mashhur bo’lib, sharq antologiyasi avtorlari uning g’azallari va ruboiylaridan parchalar keltiradi.

Samarqandlik boshqa shoir – Javhariyning tarjimai holiga doir ma’lumotlar noma’lum. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarlaridagi ma’lumotlarga ko’ra, u sovungar hunarmandlar oilasidan chiqqan bo’lib, sharq poetikasini, ayniqsa, aruz she’r tuzilish nazariyasini yaxshi bilgan. Javhariy lirik asarlar bilan bir qatorda, “Siyorun nabiy” (“Payg’ambarning fazilati”) poemasini yaratdi, biroq bu asr hozircha topilgani yo’q.

Iste’dodli shoir Mirzabek o’z davridagi adabiy muhitda katta obro’ga ega edi. U samarqandlik bo’lib, madrasada o’qidi va ajoyib lirik she’rlar yozdi. Biroq shoirning bevaqt o’limi natijasida uning asarlari devon holiga keltirilmadi.

Mirzabekning vafoti uning do’sti Alisher Navoiyga qattiq ta’sir qildi. Alisher Navoiy o’z do’stiga bo’lgan sadoqatini bildirib, uning baytlaridan birini davom ettirdi va o’zbek tilida ajoyib g’azal yaratdi – bu samarqandlik yosh shoirga qo’yilgan adabiy haykaldir.

Samarqandning ilmiy va adabiy hayot markazi sifatidagi shon-shuhrati Sharqqa keng tarqalgan edi. Shaharga mashhur olimlargina emas, balki turli shoirlar, Badaxshondan (Muhammad Badaxshiy), Qarshidan (Mavlono Mir Qarshiy), Andijondan (Mavlono Yusuf Badoiy Andijoniy), Buxorodan (Xayoliy, Ismati Buxoriy), Toshkentdan (A’loyi Shohiy), Sherozdan (Said Qo’raza), Hirotdan (Abdurahmon Jomiy, Shayxim Suhaliy va Alisher Navoiy) kelib turishardi.

Mashhur shoir Abdurahmon Jomiy (1414-1492) Sanarqabdda uch marta bo’lgan edi. Ilk bor u Samarqandga XV asrning yigirmanchi yillarida kelgan va Ulug’bek madrasasida ta’lim olgan. Bu yerda ajoyib astronomlar Qozizoda Rumiy, Alouddin Samarqandiy va Ulug’bek leksiyalarini zo’r e’tibor bilan tinglagan. Ulug’bek madrasasida Samarqandda talaba sifatida o’qigan yillari Jomiyning ilmiy dunyoqarashi va adabiy ijodining shakllanishi hamda rivojlanishida chuqur iz qoldirdi.

Jomiy Samarqandga ikkinchi marta elliginchi yillarda olimlarning taklifiga ko’ra Ulug’bek madrasasiga mudarris sifatida taklif etildi. Ana shu madrasaning sobiq talabasi bo’lgan Jomiy o’z tinglovchilariga fan asoslarini zo’r muhabbat bilan o’rgatdi. U samarqandlik shoirlar va olimlar (Xo’ja Xisrov, A’loyi Shohiy, Fazlullo Abullaysiy, Riyoziy Samarqandiy, Javhariy va boshqalar) bilan yaqindan aloqa bog’ladi.

Jomiy Samarqandga uchinchi marta yetmishinchi yillard Xo’ja Ahrorning taklifiga binoan keldi. Bu safar Jomiy Samarqanddagina bo’lib qolmay, balki Xo’ja Ahror bilan birgalikda Jizzax, Xovos, Toshkent va Movarounnahrning boshqa shaharlarida ham bo’ldi.

Ulug’ o’zbek shoir va mutafakkiri Alisher Navoiyning hayoti va ijodi ham Samarqand bilan chambarchas bog’liqdir.

Alisher Navoiy Samarqandda va Movaounnahrning boshqa shaharlarida 1465-1469 yillarda bo’ldi. Navoiy Samarqandda bo’lgan vaqtida astronomiya, geografiya, poetika, tarix, adabiyotshunoslik bo’yicha o’z bilimlarini yanada kengaytirib bordi. Bu borada uning madrasada ikki yil olgan ta’limi katta rol o’ynadi. Bu yerda u ajoyib olim, falsafa, mantiq, huquq, arab tili, adabiyot va poetikaning katta bilimdoni bo’lgan Xo’ja Fazlullo Abullaysiy Samarqaniyning leksiyalarini tingladi. Bu olim o’sha davrda katta obro’ga ega edi. Fazlullo poetic ijod bilan ham shug’ullanardi, g’azallar va muxammaslar yozardi. Alisher Navoiy Samarqand adabiy hayotining boshqa iste’dodli vakillari (Xo’ja So’g’diy, Xarimiy Qalandar, Riyoziy, Said Kutub, Mirzabek, Safoiy, Nidoiy, Badaxshiy, Vafoiy va boshqalar) bilan yaqindan tanishdi.

Bu shoirlar davrasida bo’ladigan adabiy mushoiralar Navoiyni adabiy-badiiy ijodning asl mag’zi real hayotdan olinishi kerak degan xulosaga olib keladi. Navoiy turli shoirlar, jumladan, samarqandlik mavlono Riyoziy she’rlarini tahlil etgan bu xulosa yanada tasdiqlandi.

Navoiy Samarqandda lirik she’rlar, g’azallar va masnaviylar yozdi. Bu she’rlar g’azalxonlar orasida keng tarqaldi. Mazkur asarlarda pok insoniy hislar, insonparvarlik, adolatsizlik va zo’ravonlikka qarshi kurash g’oyalari tarannum etildi.

Shunday qilib, Movarounnahrning o’sha davrdagi adabiy hayot markazi Samarqandda Alisher Navoiyning bo’lishi, uning badiiy mahoratining kamol topishi, ijodi, adabiy-tanqidiy qarashlarining o’sishida katta rol o’ynadi.

Navoiy o’zining epik va ilmiy-tanqidiy asarlarida Samarqand va uning ajoyib joylari – Ulug’bek madrasasi, Ko’hak tepaligi, Zarafshon daryolari va boshqalarni katta mahorat bilan tasvirlaydi. Samarqand Temur va Temuriylar davrida adabiy hayot markazi sifatida o’zbek xalqi va O’rta Osiyoning boshqa xalqlari o’rtasida muhim rol o’ynadi.

Leave a Reply