ADABIY MUHIT

ADABIY MUHIT – ijodiy muhit. Muayyan joyda yashab ijod etgan yirik shoir va adiblar ta’sirida yuzaga keladi. Adabiy muhitning vujudga kelishi albatta yirik ijodkorlar faoliyati, ular yaratgan ijodiy maktablar bilan bog’liqdir. Masalan, Hirot Adabiy muhiti (Lutfiy, Navoiy, Jomiy va boshqalar), Qo’qon Adabiy muhiti (Gulxaniy, Maxmur, Nodira, Uvaysiy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Xaziniy va boshqalar) yirik shoirlar faoliyati, ijodiy ta’sirida yuzaga kelgan. Adabiy muhit adabiy oqimlar va yo’nalishlardan farq qiladi. Bir Adabiy muhitda bir necha oqim va yo’nalish bo’lishi mumkin. Adabiy muhit boshqa joylardagi adib va shoirlardan uziga xosligi, ijodiy alohidaligi, badiiy fikrlash tarzidagi betakrorligi kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Toshkent, Buxoro, Samarqand, Kattaqo’rg’on, Xiva, Qo’qon, Andijon, Shahrixon Adabiy muhit mavjud bo’lib, ularning yetuk vakillari yaratgan asarlar o’zbek adabiyotining nodir namunalari hisoblanadi.