ADIGEYA

ADIGEYA, Adigeya Respublikasi, Kavkaz tog’ tizmasining shimoliy yon bag’rida, Kuban atrofidagi tekislikda joylashgan. Rossiya Federatsiyasi Krasnodar o’lkasi tarkibiga kiradi. Maydoni— 7,6 ming kilometr kvadrat. Aholisi — 450 ming kishidan ortiq (1999). Poytaxti — Maykop shahri. Tabiati. Yer yuzasining aksariyati Shimoliy Kavkazga xos o’rqirli tekislikdan iborat, Janubdagi tog’larning balandligi 3238 metr (Chugush tog’i). Gaz, neft konlari, ma’danli buloqlar bor. Tsement, ohak, oyna ishlab chiqarish uchun xom ashyo zaxiralariga ega. Tog’larda koshinkorlik va bezakbop toshlar ko’p. Maykop tuprog’ining xususiyatlari noyob. Adigeya hududining qariyb 40%ni o’rmonlar ishg’ol qiladi. Tog’ va vodiylarda dub, buk, qayin, shumtol, zarang, Kavkaz pixtasi, Sharq archasi, qarag’ay, terak, sambit, qayrag’och, lipa (jo’ka) o’sadi. Adigeyada 60 turdagi sut emizuvchi hayvon, 200 xil parranda yashaydi. Iqlimi — mo’tadil iliq. Yanvarning o’rtacha tempeturasi -2°, iyulda 22° atrofida. Yiliga 700 millimetrgacha yog’in yog’adi. Asosiy daryosi — Kuban; uning irmoqlari — Laboy, Beloy va boshqalar. Tuprog’i — asosan qoratuproq. Kavkaz qo’riqxonasining aksariyati Adigeya hududida. Aholisining ko’pchiligi adigeylar va ruslar. Adigeylarning taxminan 82% o’z tarixiy hududida yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 kilometr kvadratga 58,8 kishi to’g’ri keladi. Shahar aholisi 54%ni tashkil etadi. Tarixi. Taxminan 13-asrda g’arbiy adigey qabilalari adigey elati bo’lib tarkib topa boshladi (antik yozuvchilarning dalolat berishicha, meotlar, sindlar va boshqalar ularning ajdodlari bo’lgan). 13-asrda adigeylarni Oltin O’rda o’ziga bo’ysundirib olgan. 16-asrda turk sultonlari va Qrim xonlari adigeylarni qaram qilish uchun hujum uyushtirgan. 1557 yildan Adigeya Rossiya tarkibida. 1918 yil Maykopda sho’ro hokimiyati e’lon qilindi, may oyida adigeylar yashovchi hudud Kuban-qora dengiz sovet Respublikasi tarkibiga kiritildi. 1922 yil Cherkasiya Muxtor viloyati tuzildi, u 1928 yilda Adigeya Muxtor viloyati deb ataldi. 2-jahon urushi vaqtida 1942 yil avgustda nemis fashist bosqinchilari Adigeya hududini bosib oldilar. 1943 yil ozod qilindi. 1991 yil Adigeya Muxtor viloyati Adigeya Respublikasi bo’ldi. 1995 yil martda Adigeya Konstitusiyasi qabul qilindi. Xo’jaligi. Adigeya xalq xo’jaligida sanoat yetakchi o’rin oladi. Uning asosiy tarmoqlari — oziq-ovqat va qayta ishlash sanoati. Energetikasi issiqlik elektr stansiyalari va gidroresurslarga tayanadi. Konserva, vinochilik, yog’-moy, tamaki, qand-shakar, sut zavodlari bor. O’rmon, yog’ochsozlik, mashinasozlik sanoati korxonalari mavjud. Asosiy sanoat markazi Maykop shahri. Qishloq xo’jaligida asosiy ekinlar bug’doy, makkajo’xori, sholi, kungaboqar, qand lavlagi, zig’ir, tamaki, choy, efir moyli o’simliklar. 250 ming gektar haydaladigan yer bor. Parrandachilik qishloq xo’jaligining muhim tarmog’i hisoblanadi. Qoramol, qo’y va echki boqiladi. Yilqichilik va asalarichilik rivojlangan. Asosiy transport turi — temir yo’l. Avtomobil va havo transporti rivojlangan. Kuban daryosida kemalar qatnaydi. Adigeyadagi mashinasozlik, yog’ochsozlik, yengil sanoat korxonalari mahsulotlari — stanoklar, turli tipdagi reduktorlar, mebel, karton, oziq-ovqat, shuningdek qora metallar, moyli ekinlar urug’i jahondagi 17 mamlakatga chiqariladi. Maykop shahrida ishlab chiqariladigan yuksak darajada tozalangan insulin chet elda keng tarqalgan. Madaniyati. Adigeyada o’rta umumiy, hunar-texnika va oliy ta’lim rivojlangan. Adigeyada universitet, Maykop davlat texnologiya instituti, Adigeya xalqaro Fanlar Akademiyasi, tarix-o’lkashunoslik muzeyi, ommaviy kutubxonalar, klub muassasalari bor. Qadim zamonlardan mardlik eposi, qahramonlik qo’shiqlari, og’zaki tarixiy hikoyalar keng yoyilgan. Adabiyot va san’at arboblari — shoirlar L. Kuek, R. Xochemizova, rassomlar P. Amosyan, V. Dolgov, V. Mexed, F. Petuvash, T. Kat, M. Tuguz, 3. Guchev, M. Gogunokovlar mashhur. Jez davridan qolgan oltin va kumush idishlar, hayvonlar tasvirlangan haykalchalar ma’lum, ilk temir davrida zargarlik buyumlari va keramika paydo bo’lgan. Amaliy naqsh san’atining an’anaviy turlari: kumushga gul solish, zar va kumush ip bilan kashta tikish rivojlangan. Hozirgi davrda dastgoh tasviriy san’ati urf bo’ldi. O’rta asrlarda Yevropa bilan Osiyoni bog’lovchi Buyuk ipak yo’li respublika hududidan o’tgan. Adigeylarning ajdodlari jahon arxeologiyasida mashhur bo’lgan Maykop madaniyatini yaratganlar, mahobatli tosh sag’analar barpo etganlar. Adigeyada simfonik orkestr, kamer teatri, xalq cholg’u asboblari orkestri ishlab turibdi. Maykopda Sharq xalqlari san’ati Davlat muzeyining filiali ochilgan.