AD’YUNKTURA

AD’YUNKTURA — oliy malakali harbiy ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar (fan nomzodi) tayyorlashning asosiy shakli. O’zbekistonda uzluksiz ta’lim tizimining tarkibiy qismi. Ad’yunktura Ichki ishlar Akademiyasi, Qurolli kuchlar Akademiyasi, harbiy ilmiy tadqiqot institutlari va oliy o’quv yurtlarida O’zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi (O’zR IIV) va O’zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi (O’zR MB) hay’atlarining qarorlari bilan O’zbekiston Respublikasi fan va texnika davlat qo’mitasi (O’zR FTDQ) hamda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oliy Attestasiya komissiyasi (O’zR OAK) bilan kelishilgan holda tegishli mutaxassisliklar bo’yicha ochiladi. Ad’yunktura O’zbekiston Respublikasi FTDQ tomonidan attestasiyadan o’tkaziladi. Ad’yunktura o’z ishini “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar mutaxassisliklari ro’yxati”ga muvofiq ravishda fan sohalarining tegishli mutaxassisliklari bo’yicha “Uzluksiz ta’lim tizimida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash to’g’risida”gi Nizomga hamda O’zbekiston Respublikasi IIV va O’zbekiston Respublikasi mvga tegishli me’yoriy-huquqiy hujjatlariga asosan olib boradi. Ad’yunkturada o’qishdan maqsad ilmiy tadqiqot usullarini o’zlashtirish, tegishli ilmiy sohaga oid bilimlarni egallash va fan nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya yoqlashdir. Ad’yunkturada kirish qoidalari, o’qish muddatlari, ad’yunktlar tayyorlash usullari aspiranturanikiga o’xshaydi.