AFSONA

AFSONA — 1) xalq og’zaki ijodi (folklor) janri. U xayolot, uydirma va to’qimadan iborat bo’lsada, so’zlovchi va tinglovchi tomonidan haqiqatdek tasavvur etiladi, hatto bo’lib o’tgan davri, makon ham ko’rsatiladi. Afsonalar og’izdan-og’izga, eldan-elga o’tib kelgan, ifoda usuli bayon tarzida. Afsona og’zaki hikoyat bo’lib, u xayoliy obraz yoki tasavvur asosiga quriladi, hikoya qiluvchilar va tinglovchilar tomonidan qachonlardir shunday bo’lgandek qabul qilinadi. Rivoyatdan farqli o’laroq Afsona zaminida albatta mo”jiza, sehr-jodu bo’ladi. Afsonalar olam (Yer, Quyosh va boshqa sayyoralar yuzaga kelishi) haqida, toponimik (Qof tog’i, daryo, dengiz, shahar, qal’a, qishloq, tepalik, Eram bog’i va hokazolar), elatlarning kelib chiqishi (masalan, turkiy xalqlarning), hayvonot dunyosi (masalan, sher, ajdaho, anqo, Semurg’va boshqalar) ga oid, tabiatdagi voqea, hodisalar (masalan, chaqmoq, zilzila, shamol va boshqalar) xususida, tarixiy shaxslar (masalan, turkiylardagi Yer To’nga, To’maris, Shiroq, anglosakslar qiroli Artur va boshqalar) to’g’risida, diniy (masalan, islomdagi Nuh payg’ambar xususidagi, Abu Muslim jangnomasi, Avestodagi Frangrasyan (Afrosiyob), xristianlikdagi Iso Masihning havoriylari bilan sayohatiga bog’liq voqea-hodisalar) va boshqa turli-tuman mavzularda bo’ladi. Afsonalar hajmi kichik, bayon qilinishi sodda, badiiy tasvir vositalaridan deyarli xoli bo’ladi, tuzilishiga ko’ra ertak, naql, rivoyatlarta o’xshab ketadi. Afsonalar yozma adabiyotning, ayniqsa, badiiy, falsafiy, dinga, tarixga, axloqqa oid asarlarning mavzui, muayyan qismi tarzida g’oyaviy-estetik vazifani bajargan. Masalan, “Qutadg’u bilig”, “Devonu lug’otit turk”, Alisher Novoiyning “Xamsa”, Dantening “Ilohiy komediya”, Chingiz Aytmatovning “Oq kema”, Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni”, Abdulla Oripovning “Jannatga yo’l” kitoblarida Afsonalar asarning badiiy-estetik va ta’sir kuchini oshirishga, inson ruhiyatini yanada chuqur va to’laqonli tasvirlashga xizmat qilgan. 2) ko’chma ma’noda — uydirma, yolg’on, aqlga to’g’ri kelmaydigan gap.