AGALAKTIYA

AGALAKTIYA (Yunoncha a — inkor qo’shimchasi, gale — sut) — emizikli ayol ko’kragida sut bo’lmay qolishi. Agalaktiya asosan sut bezlarining yetarli rivojlanmaganligi va organizmda ichki sekretsiya bezlari funktsiyasining buzilishi, masalan, jinsiy bezlar va gipofizdan chiqadigan gormonlar o’rtasidagi muvozanatning yo’qolishi, ba’zi a’zolarning kasallanishi natijasida kelib chiqadi. Noto’g’ri ovqatlanish, kuchli hayajon, qo’rquv va asabiylanish ham Agalaktiyaga sabab bo’lishi mumkin. Umuman, Agalaktiya Kamroq uchraydi, ko’proq gipogalaktiya, ya’ni sut kamayib qolish hodisasi ro’y beradi. Agalaktiyani davolash uchun sut bezini massaj qilish (uqalash), o’z vaqtida va bekamu ko’st ovqatlanish, tiniqib uxlash va dam olish lozim. Bu yordam bermasa, vrach tavsiyasi bilan bolani boshqa ayolga emizdirish yoki go’daklar uchun mo’ljallangan sutli ovqatlar bilan boqish tavsiya etiladi.