AGRAR ISLOHOTLAR

AGRAR ISLOHOTLAR, qishloq xo’jaligidagi islohotlar — davlatning yerga mulkchilik munosabatlari va yerda xo’jalik yuritish usullarini o’zgartirishga qaratilgan chora-tadbirlari majmui. Dastlab Agrar islohot kontsepsiyasi maqsad va vazifalari, yo’nalishi, uni o’tkazish bosqichlari aniqlab olinadi. Shunga asoslanib Agrar islohotni o’tkazishning aniq chora-tadbirlari belgilanadi va ularni davlat amalga oshiradi. Tarixda Agrar islohotning 3 turini ko’rish mumkin. Birinchisi — an’anaviy (natural, biqiq, qoloq) iqtisodiyotdan bozor iqtisodiyotiga o’tishni ko’zlovchi Agrar islohot Ular jumlasiga 19-20-asrlarda Yevropa, Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi Agrar islohotni kiritish mumkin. Ikkinchisi — bozor xo’jaligidan totalitar-rejali tuzumga o’tishni ko’zlagan va proletariat diktaturasi yordamida amalga oshirilgan Agrar islohot Uchinchisi — 90-yillar boshidan sobiq sosialistik mamlakatlarda rejali iqtisodiyotdan qayta bozor munosabatlariga o’tishga qaratilgan Agrar islohot Birinchi toifadagi islohotlar qishloq xo’jalikda tovar ishlab chiqarishni o’stirib, uni bozor iziga solishni mo’ljallaydi. Zamindorlar mulki bo’lgan yer uni ekadiganlarga — dehqonlarga haq to’lash sharti bilan yoki bepul beriladi, yerga dehqonlarning xususiy mulki o’rnatiladi. Dehqonlar tabaqalashib, ularning bir qismi boylarga aylansa, boshqa qismi yollanma ishchilarga aylanadi. Agrar islohot qishloq xo’jaligida mexanizasiyani qo’llab, bu sohadan ish kuchini siqib chiqarishga olib keladi. Agrar islohot fermerlar sinfini shakllantirib, ularning mavqeini mustahkamlaydi. Ikkinchi toifadagi Agrar islohot sobiq SSSR, Mongoliya, Sharqiy Yevropa davlatlarida va boshqa mamlakatlarda amalga oshirilgan. Bunday islohotlar natijasida yer to’la-to’kis yoki qisman xususiy mulkdorlar tasarrufidan chiqarilib, davlat mulkiga aylantiriladi, mustaqil dehqon xo’jaligi o’rniga davlat rejasiga binoan ishlovchi davlat xo’jaligi va jamoa xo’jaliklari barpo etiladi, ularni hukumat to’la nazorat qiladi. Bu islohotlar qishloqdagi erkin bozor munosabatlarini yo’qotadi, qishloq xo’jaligida stimullar so’na borganidan u inqirozga yuz o’giradi, oziq-ovqat taqchilligi doimiy tus oladi. Uchinchi turdagi Agrar islohot davlatlashtirilgan qishloq xo’jaligidan erkin bozor xo’jaligiga o’tishni ko’zda tutadi, ular natijasida yerga davlat egaligi qisman yoki to’la-to’kis bekor qilinadi, yerni ijaraga ishlatishga ruxsat beriladi, davlat va jamoa xo’jaligining mulki dehqonlar o’rtasida bepul, qisman bepul, yoxud haqini to’lash sharti bilan taqsimlanadi. Dehqon (fermer) xo’jaligi asosiy xo’jalik turiga aylantiriladi, bu xo’jalik bozor talabiga qarab va o’z manfaatini ko’zlab ish yuritadi. 20-asr davomida O’zbekistonda Agrar islohotning so’nggi ikki turi amalga oshirildi. Sho’rolar davrida yer-suvlar ularning egalaridan tortib olinib, dehqonlarga berildi. Lekin tez orada ulardan yana tortib olinib davlat mulkiga aylantirildi. Bunday islohotlar 1917-22 yillarda o’tkazildi. 1925-26 yillarda yer-suv islohoti o’tkazildi. Bu islohotlarda mahalliy boylarga qarashli yerlarning bir qismi yersizlarga bepul taqsimlab berildi. Bunday islohotlar natijasida bozorga ishlovchi mustaqil dehqon ho’jaligi rivojlandi. Ammo bu uzoqqa bormadi, chunki 20-yillar islohoti qishloqni yoppasiga jamoalashtirish bilan yakunlandi. 1929-32 yillar mobaynida dehqon xo’jaligi tamoman tugatilib, o’rniga davlat va jamoa xo’jaliklari barpo etildi, qishloq xo’jalik totalitar-rejali tizim girdobida qoldi. O’zbekiston mustaqillikka erishgandan so’ng, yangi mazmunga ega bo’lgan islohotlar boshlandi. Respublikada tub Agrar islohotning huquqiy asoslarini yaratadigan qonunlar qabul qilindi. Jumladan, “Yer to’g’risida” (20.06.1990), “O’zbekistonda tadbirkorlik to’g’risida” (15.02.1991), “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish to’g’risida” (19.11.1991), “Ijara to’g’risida” (19.11.1991), “Dehqon xo’jaligi to’g’risida” (3.07.1992), “Xo’jalik jamiyatlari va shirkatlari to’g’risida” (9.12.1992), “Yer solig’i to’g’risida” (6.05.1993) va boshqa qonunlar hamda hukumat qarorlari qishloq xo’jaligida ko’p ukladli iqtisodiyot poydevorini yaratishga yo’l ochdi. 1998 yil aprelda chiqilgan “Qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkat xo’jaligi) to’g’risida”, “Dehqon xo’jaligi to’g’risida”, “Fermer xo’jaligi to’g’risida” qonunlari va O’zbekiston Respublikasining yer kodeksi qabul qilindi. Qishloqda mulkdorlar sinfini shakllantirish siyosatdagi muhim yo’nalishga aylandi. O’zbekistonda bozor tizimini yaratishga qaratilgan yangi Agrar islohot davomida davlat va jamoa xo’jaliklari yerining bir qismi (jami 500 ming gektar) aholiga tomorqa tarzida foydalanish uchun berildi. Natijada 1996 yil aholining tomorqa xo’jaligida yer 640 ming gektarni tashkil etdi. Yangi Agrar islohot ikkinchi yo’nalishi — bu qishloqni fermerlashtirish, ya’ni davlat va jamoa xo’jaliklari o’rniga dehqon va fermer xo’jaliklarini tashkil etishdan iborat. Yerga davlat mulki saqlangani holda yer xo’jalik yuritish uchun merosga o’tish sharti bilan dehqonlarga berildi. 1996 yil jami 19,5 ming dehqon va fermer xo’jaligi ishladi. Agrar islohotning uchinchi yo’nalishi saqlanib qolgan davlat va jamoa xo’jaliklarida dehqonlarning ulushbay mulkiga o’tishdan iborat bo’ldi. Xo’jaliklardagi mol-mulk pulga chaqilib, u dehqonlarga ulush (pay) qilib berildi. Dehqonlar umumiy mulkdagi ulushiga qarab haq oladigan bo’ldilar. Agrar islohot O’zbekistonning xususiyatini hisobga olgan holda yangi mulkchilik va bozorga mos xo’jalik usullarini bunyod etish yo’nalishida bormoqda. Ahmadjon O’lmasov.